Braziliyaning Oʻzbekistondagi yangi elchisi akkreditatsiyadan oʻtdi

    Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Braziliyaning yangi tayinlangan elchisi Serjio Rodriges dos Santos qabul qildi.

    «Braziliyaning yangi tayinlangan elchisi Serjio Rodriges dos Santos janoblarining ishonch yorliqlarini qabul qildik, — deb yozdi Oʻzbekiston TIV rahbari oʻzining telegram-kanalida. — Ikki tomonlama munosabatlarning jadal rivojlanayotgan dinamikasini muhokama qildik hamda geografik uzoqlikka qaramay, mamlakatlarimiz birgalikda samarali foydalanishi mumkin boʻlgan koʻplab imkoniyatlarni koʻrib chiqdik.

    Elchi janoblariga mamlakatimizdagi faoliyati davomida muvaffaqiyatlar tilaymiz».

    Braziliyaning yangi elchisi 57 yoshda. 1995-yildan beri Braziliya Tashqi ishlar vazirligi va xorijiy muassasalarda masʼul lavozimlarda faoliyat yuritib kelgan.

    Serjio Rodriges dos Santos 2022-2025-yillarda Braziliyaning Toshkentdagi elchisi sifatida akkreditatsiyadan oʻtgan Rodrigo de Lima Baena Soares oʻrniga tayinlangan.