Britaniyaning noshirlik va taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi kompaniyasi Oʻzbekistonda qoʻshma loyihalarni amalga oshiradi

    Oʻzbekiston elchixonasida Britaniyaning “Hachette UK” taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi va noshirlik kompaniyasi ijrochi bosh direktori Devid Shelli bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Muloqot chogʻida Devid Shelli “Hachette UK” kompaniyasi faoliyati haqida soʻzlab berdi. Uning aytishicha, “Hachette Learning” brendi asosida kompaniya tomonidan taʼlim muassasalari va mutaxassislar ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan dasturiy taʼminot mahsulotlari ishga tushirilgan. Mazkur dasturiy taʼminot mahsulotlari istalgan yoshdagi oʻquvchilar uchun moʻljallangan.

    “Oʻzbekistonda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan keng-koʻlamli islohotlarni va yoshlarning sifatli taʼlim olishi uchun yaratib berilayotgan sharoitlarni eʼtirof etish kerak. Ushbu omillar bizni kelgusida Oʻzbekiston bilan hamkorliklarni yoʻlga qoʻyishga undayapti”, — dedi u.

    Uchrashuv chogʻida “Hachette UK” kompaniyasi nomidan Respublika bolalar kutubxonasi uchun eng yangi kitoblar va ingliz tili darsliklari topshirildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “Hachette UK” jahondagi eng yirik noshirlik va taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi yetakchi kompaniya hisoblanadi. Uning Britaniyadagi faoliyatiga 1846-yilda yoʻlga qoʻyilgan. Hozirgi kunda kompaniya 12 ta noshirlik uyi va 60 ta bosmaxonaga egalik qiladi.