баннер
26 Mar 2025
15:45

    “BRM harakatda – 2025” xalqaro forumida erishilgan natijalar va kelgusidagi vazifalar muhokama etildi

    Kuni kecha Dubay shahrining “Jumeirah” mehmonxonasida “Barqaror rivojlanish maqsadlari harakatda – 2025” mavzusida forum boʻlib oʻtdi.

    Unda Senat delegatsiyasi aʼzolari, jumladan Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi A.Eshmuratov va Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari O.Mamatkarimov ishtirok etdi.

    Forumda oʻtgan davr mobaynida erishilgan natijalar atroflicha koʻrib chiqildi. Xususan, COVID-19 pandemiyasi kutilmagan inqirozni keltirib chiqarib, BRMga erishishga putur yetkazdi va butun dunyoda kambagʻallik, tengsizlik va zaiflikni kuchaytirdi, biroq koʻrilgan choralar natijasida bugungi kelib butun dunyoda kambagʻallik darajasi 9,3 foizdan 8,5 foizgacha kamaydi.

    Qayd etish joiz, Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi 2024-yil yakuniga koʻra 11 foizdan 8,9 foizga kamaygan, 2030-yilga qadar esa 2 baravar pasaytirish maqsad qilingan.

    Shuningdek, ayollarning boshqaruvdagi roli oshgani qayd etildi. Jumladan, butun dunyoda parlament aʼzolarining 27 foizini va vazirlarning 23 foizini ayollar tashkil etadi.

    Tadbir davomida 2030-yildan keyingi kun tartibi uchun global hamkorlikni mustahkamlash, jumladan, 2045-yilga borib barqaror, inklyuziv va mustahkam global jamiyatni shakllantirish, sogʻliqni saqlash qamrovi va undagi tengsizlikni kamaytirish boʻyicha innovatsion yechimlar, shuningdek, inklyuziv iqtisodiy oʻsish va ish oʻrinlarini yaratish hamda barcha uchun toza ichimlik suvi va sanitariya sharoitlarini taʼminlash masalalari muhokama etildi.

    Forum doirasida Oliy Majlis Senati aʼzolari A.Eshmuratov va O.Mamatkarimov Bruney davlati sogʻliqni saqlash vaziri Jafar Muxammad, BAAning “Masdar” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil Al Ramohi bilan suhbatlashdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati .

    Unda Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda BRM boʻyicha olib borilayotgan ishlar, unda parlamentning tutgan oʻrni, jumladan Oʻzbekistonning BRM sohasida erishgan yutuqlari va marralari eʼtirof etildi.

    Delegatsiya aʼzolarining Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha Global kengashning III anjumanidagi ishtiroki davom etyapti.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech