BRMga erishishda parlamentlararo hamkorlik boʻyicha II global forumda Hindiston delegatsiyasi ishtirok etadi

    Xalqaro hamkorlik 17 Noyabr 2023 1139

    Joriy yil 16-noyabrda Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasida doimiy asosda ishlovchi senator Anvar Tuychiyev Hindistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Manish Prabxat bilan uchrashdi.

    Muloqot davomida tomonlar shu yil 30-noyabrda Toshkentda boʻlib oʻtadigan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik boʻyicha II global forumda Hindiston delegatsiyasining ishtiroki yuzasidan fikr almashdilar.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida parlamentlararo aloqalar mustahkamlanib borilayotganligi, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlar hamkorligini yanada kuchaytirish zarurligi, milliy maqsad va vazifalarga erishishdan Hindiston parlamenti ham manfaatdor ekanligi alohida taʼkidlab oʻtildi.

    Muloqot jarayonida oʻzaro qiziqish uygʻotgan boshqa masalalar ham muhokama etildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar yaqin muloqotni va hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda ilk marotaba Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi hamda shu kunlarda 16 ta milliy maqsadlar muhokamasiga bagʻishlangan turkum tadbirlar oʻtkazib borilyapti. Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik boʻyicha II global forum bilan yakunlanadi.