Forum ishtirokchilari sessiyalar doirasida guruhlarga boʻlinib, mavzuga oid dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

Xususan, 6-sessiya ishtirokchilari BRMni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilikning ishtiroki masalasini koʻrib chiqdilar.

Sessiyani Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisi Sh.Bafayev, BMT Bolalar jamgʻarmasining (YUNISEF) Oʻzbekistonda rahbari M.Mammedzoda olib bordi.

Oʻzbekistondagi barcha islohotlarning asosi “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslanadi, bu BRMning “Hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi” degan asosiy tamoyili bilan chambarchas bogʻliqdir.

Fuqarolik jamiyati ijtimoiy munosabatlar rivojlanishining ajralmas qismi va davlatda demokratiya, qonun ustuvorligi va shaxs erkinligining eng muhim kafolatidir.

BRM qabul qilinganidan buyon Oʻzbekiston inson huquqlarini himoya qilishning qonuniy va amaliy mexanizmlarini takomillashtirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash va sud-huquq tizimini isloh qilish borasida katta yutuqlarga erishdi. Mamlakatda Prezidentni Xalq qabulxonalari tizimi tashkil etildi, maʼmuriy islohotlar davom ettirilmoqda, elektron hukumat takomillashtirilmoqda, OAV va blogerlarning mustaqilligini taʼminlash boʻyicha islohotlar amalga oshirilmoqda.

Sessiya davomida ishtirokchilar milliy BRMni samarali amalga oshirishda parlamentning fuqarolik jamiyati bilan oʻzaro hamkorligi, BRMni amalga oshirishda milliy darajada fuqarolik jamiyatining inklyuziv ishtiroki va boshqa masalalarni muhokama qildilar.

Shuningdek, “Ixtiyoriy milliy sharhlar: olingan saboqlar va ilgʻor amaliyot”, “Ispaniya qonunchiligi va Yevropaning fuqarolik tashabbuslari: parlament demokratiyasini toʻldiruvchi toʻgʻridan-toʻgʻri demokratiyaning ikki yoʻli”, “Fuqarolik jamiyatini mustahkamlash rivojlanish maqsadidagi xalqaro hamkorlikda asosiy rol” mavzularida taqdimotlar oʻtkazildi.