Bronjilet ostidagi yurakdan…

    Harbiy 15 Yanvar 2021 3085

    Har bir inson Vatan posboni. Yuragida xalq farovonligi, jamiyat barqarorligi, yurt tinchligi yoʻlida shaxsiy masʼuliyatni his qilgan fuqaro borki himoyachi sanaladi. Egnida bronjilet boʻlsa-da, yuragi ochiq, samimiy harbiy yurtdoshlarimizning dilsoʻzlariga quloq tutdik….

    Yantoqqa choʻli aziz

    Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy taʼkidlaganidek, bu dunyoda er yigitning eng buyuk, ezgu va muqaddas vazifasi, avvalo, oʻz oilasi, Vatani va xalqini munosib himoya qilishdan iboratdir. Yigit kishi uchun oilasining, yurtining tinchligi, xotirjamligini taʼminlashdan muhimroq ish boʻlmasa kerak, nazarimizda. Aytishadiku, yantoqqa choʻli aziz. U shu qumloqlarni koʻzining qorachigʻiday asrab-avaylaydi. Shu sabab harbiy boʻlishni har bir yigit bolalikdan orzu qiladi. Shunday emasmi?

    Toshkent shaxrida joylashgan Davlat hokimyati va boshqaruv organlari obyektlarini Qoʻriqlash boʻyicha alohida batalyon 4-otryad 1-guruh komandiri, katta serjant Akromxon Yunusaliyev:

    – Har bir inson uchun Vatani hamma narsadan aziz. Uyiga qanday sogʻinch bilan talpinsa odam yurtiga ham ana shunday talpinadi. Unga xizmat qilish, koriga yarash esa har bir insonning, ayniqsa, har bir yigit kishining azaliy orzusi. Men ham bu sohani barcha yigitlar kabi yoshlikdan orzu qilganman. Mana oʻn ikki yildirki, oʻzim niyat qilgan sohada faoliyat koʻrsatib kelayapman. Va bugungi kunda Milliy gvardiya tizimida xizmat qilmoqdaman. Oʻtgan 2020-yil butun insoniyat, inchunun, hamyurtlarimiz uchun ham oson kechmadi. Pandemiya barchani avvalgidan-da ogohlikka va yana-da jipslashishga, sergak boʻlishga undadi. Hamkasblarim ham bu davrda zimmalaridagi ushbu vazifani doimgidanda fidokorlik bilan ado etishmoqda.

    Qoʻshiqlarda vatanparvarlik ruhi boʻlsin!

    Vatan haqidagi qoʻshiqlarni yaratish eng murakkab ijod aslida. Ammo yurtini chinakamiga sevgan ijodkor uchun yuksak ruhdagi qoʻshiqlarni yaratish murakkablik tugʻdirmaydi. Qachonki, ijodkorning koʻnglida Vatanga boʻlgan samimiy muhabbat paydo boʻlsagina, Yaratganning oʻzi ilohiy soʻz va kuyni yurakka joylaydi. Bu haqda harbiylarimiz nima deydi?

    Shaxriyor Ostonbekov, Mudofaa Vazirligi Toshkent harbiy okrugining Madaniyat markazi boshligʻi:

    – Bugun Vatan xizmatida yurgan yigitlarimiz uchun “Artilleriya”, “Mudofaa”, “Toshkent harbiy okrugi”, “Bronejilet ostida ham yurak bor” va bir qancha harbiy madhiya qoʻshiqlarini yaratganmiz. Baribir insonga madaniy ruh va shukuh kuch bagʻishlaydi. Mudofaa vazirligida har haftaning juma kuni Maʼnaviy yuksalish kuni hisoblanadi. Shu kuni harbiy xizmatchilar uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladi. Biz aynan harbiy - vatanparvarlik ruhidagi qoʻshiqlarni ijro etadigan “Navqiron” guruhiga asos solganmiz. Tan olish kerak, ijod olamiga endigina kirib kelayotgan honandalarda vatanparvarlik ruhidagi qoʻshiqlar deyarli yoʻq. Shu bois kelgusida harbiylar uchun “Navqiron” gurihi bilan maxsus konsert dasturlarini oʻtkazishni rejalashtiryapmiz.

    Maqsadimiz – xalqqa xizmat qilish

    Xalqqa xizmat – oliy himmat, deydi odamlar. Albatta, el orasida maqolga aylangan har bir hikmatda bir olam haqiqat yotadi. Maʼlum, harbiylar uchun dam olish kunlarida, bayram-tantanalarda ham ish hoziru nozir. Demak, oliy himmat egalari hamisha eʼtibor va eʼtirofga munosib.

    Olmazor tumani 6-sonli IIB XPB profilaktika inspektori, katta leytenant Abbos Abdugʻafforov:

    - Karantin davri xizmatdagilar vazifasi, sergakligini ikki karra oshirdi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Men nazorat qiladigan mahalladan misol qilib aytadigan boʻlsam, karantin davrida plastik kartalari boʻyicha oʻgʻrilik va turli hildagi firibgarlik holatlari boʻyicha murojaatlar koʻp kuzatildi. Sodda xalqimiz biror narsani arzonroqqa olay, tejay, kel, shunga ham ishonay deydida aldanib qoladi aksariyat hollarda. Mana shunday chigal vaziyatlarda odamlarga sidqidildan yordam berishga harakat qildik barchamiz. Tegishli idoralar bilan hamkorlikda surishtiruv ishlari olib borib, aldangan odamlarga haqlarini qaytarib olishiga koʻmak berdik. Qolaversa, bugunga qadar “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” shaffofligi hamisha nazoratimiz ostida. Birdamlik bor ekan ishlarimiz unumdor boʻlishi shubhasiz. Zero, hammamizning maqsadimiz bir – xalqqa xizmat qilish.

    Yulduz Oʻrmonova yozib oldi