Ushbu nufuzli haftalikda Oʻzbekiston fuqarolik jamiyati delegatsiyasi, jumladan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi vakillari ishtirok etmoqda.
Xalqaro tadbir inklyuzivlik, demokratik ishtirok va hamkorlikni rivojlantirish kabi dolzarb masalalarga bagʻishlanib, global miqyosda fuqarolik jamiyatining oʻrni va roli, innovatsion yondashuvlar hamda ilgʻor tajribalarni muhokama qilish uchun muhim maydonga aylanmoqda.
Tadbir doirasida Yevropaning barcha mamlakatlaridan yetakchi fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, Yevropa Ittifoqining tegishli idoralari va aʼzo davlatlar hukumat vakillari, tadqiqotchilar, ommaviy axborot vositalari hamda xalqaro tashkilotlar mutaxassislari ishtirok etmoqda. Ular jamiyatning turli qatlamlarini jalb etgan holda, fuqarolik jamiyatining rivojlanishi, demokratik institutlarni mustahkamlash va fuqarolarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokini oshirish yoʻnalishlarida tajriba almashmoqda.
Mazkur xalqaro tadbirlarga Oʻzbekiston fuqarolik jamiyati delegatsiyasi ham taklif etilgan boʻlib, ishtirokchilar nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyatini yanada takomillashtirish, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish hamda oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda. Jumladan, delegatsiya Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, fuqarolik jamiyatining mustahkamlanishi va inklyuziv jamiyat barpo etish yoʻnalishidagi yutuqlar, shuningdek, mavjud muammolar va kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida xalqaro hamjamiyat bilan fikr almashmoqda.
Tadbir davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi xorijiy ekspertlar bilan tajriba almashish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, fuqarolik jamiyatining rolini oshirishga qaratilgan innovatsion tashabbuslarni ilgari surish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Mazkur xalqaro hamkorlik mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yangi bosqichiga zamin yaratishi va demokratik jarayonlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.