Ushbu loyiha Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Belgiya Qirolligidagi elchixonasi koʻmagida tashkil etildi.

Joriy yilning 25-avgust kuni Bryussel xalqaro press-klubi tomonidan “Oʻzbekiston haqida eng yaxshi maqola” uchun xalqaro press-klublar tarmogʻiga aʼzo boʻlgan yevropalik jurnalistlar oʻrtasida yangi tanlov eʼlon qilindi. Ushbu loyiha Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Belgiya Qirolligidagi elchixonasi koʻmagida tashkil etildi.

Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 17-21-fevral kunlari Oʻzbekiston Respublikasining hukumat delegatsiyasi Bryussel shahriga (Belgiya) tashrif buyurib, tashrif yakunlari boʻyicha Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbariyati Bryussel xalqaro press-klubi bilan xalqaro maydonda Oʻzbekistonning obroʻ - eʼtiborini oshirishga koʻmaklashish boʻyicha kelishuvga erishdi. Xususan, Yevropa jurnalistlari – xalqaro press-klublar tarmogʻi aʼzolari oʻrtasida tanlovni amalga oshirish taklif etildi.

Maʼlumot uchun: Bryussel xalqaro press klubi 2010-yilda Bryusselda joylashgan xalqaro jurnalistlar tashabbusi bilan tashkil etilgan. U Xalqaro press-klublari assotsiatsiyasi raisi. 1000 dan ortiq jurnalistni birlashtiradi.

Tanlovdan koʻzlangan maqsad xalqaro maydonda Oʻzbekiston obroʻsini yuksaltirishdir.

Loyihada dunyo hamjamiyatiga Oʻzbekiston toʻgʻrisida ishonchli maʼlumotlar taqdim etilishi, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, investorlarni qoʻllab-quvvatlash choralari, integratsiya jarayonlarini rivojlantirish, inqiroz davrida biznesni qoʻllab-quvvatlash, toʻqimachilik sektori va Oʻzbekistonning turizm sohasidagi ijobiy imidji taqdim etilgan.

Kim ishtirok etishi mumkin?

Yevropa ommaviy axborot vositalarida (Yevropa Ittifoqining 27 mamlakati, Buyuk Britaniya, Shveysariya va Norvegiya) ishlaydigan jurnalistlar ishtirok etishi mumkin. 1-avgustdan 15-oktyabrgacha internetda, gazetalarda yoki jurnallarda chop etilgan maqolalar ishtirok etish huquqiga ega. Bular alohida maqola yoki bir mavzuga bagʻishlangan maqolalar turkumidan iborat boʻlishi mumkin. Mazkur talab televideniye va radio kabi ommaviy axborot vositalarida tayyorlangan materiallarga ham taaluqli.

Qayerga murojaat qilish kerak?

Maqolaning asl nusxasini secretary@pressclub.be pochtasi orqali 2020-yil 15-oktyabrgacha ingliz tilida yuborish mumkin. Agar maqola ingliz tilida yozilmagan boʻlsa, muallif tarjima sifati uchun javobgardir.

Gʻolib qanday aniqlanadi?

Mustaqil hakamlar hayʼati baholash mezoni sifatida materialning obyektiv yoritilganligiga katta eʼtibor qaratadi. Unda: faktlarni tekshirish, taklif va raqamlarni yoritishdagi aniqlik, shaxslarning xolis baholariga asoslangan hikoyalarning qiziqarligi va albatta, oʻquvchida Oʻzbekistonga qiziqish uygʻota oladigan mavzularni oʻziga xos uslubda yoritilganligi.

Arizalarni topshirish muddati: 2020-yil 1-avgust - 15-oktyabrga qadar. Mukofot: 2 000 yevro.

Hakamlar hayʼati press-klub aʼzolari tarkibidagi taniqli jurnalistlar, ekspertlar boʻlib, ular tanlov gʻolibiga mukofotni belgilaydi.

Oʻz navbatida, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi materiallarni tayyorlashda Yevropa jurnalistlariga Markaz tadqiqotlarini taqdim etish orqali axborot yordamini taqdim etishga tayyor.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining

Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati