Tomonlar koʻp qirrali sheriklikni yanada rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratayotgani hamda ularni qiziqtirgan barcha sohalarda oʻzaro hamkorlikni kengaytirish dinamikasini yuqori baholayotgani taʼkidlandi.

Xususan, muloqotda bir qator qoʻshma tadbirlar, yaʼni “YEI – Markaziy Osiyo” sammiti, “YEI – Markaziy Osiyo” oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha Vazirlar uchrashuvi, “YEI – Markaziy Osiyo” turizm forumini tashkil etish va oʻtkazishga alohida toʻxtalib oʻtildi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish, mintaqa mamlakatlarining barqaror iqtisodiy oʻsishini taʼminlash va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli tashabbuslarni ilgari surish va amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlarga ega ekani taʼkidlandi.

Iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar muhokama qilindi. Tomonlar investitsiyaviy va savdo hamkorligini kengaytirish maqsadida yangi “oʻsish nuqtalari”ni aniqlash uchun birgalikda harakat qilish zarurligini taʼkidladilar va bu borada keyingi qadamlarni belgilab oldilar.

Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi toʻgʻrisidagi tashabbusi doirasidagi hamkorlik masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Yevropa tomonining fikricha, bu tashabbus Oʻzbekistonning jahon iqtisodiyoti va koʻp tomonlama savdo tizimiga integratsiyalashuvi yoʻlidagi muhim qadam boʻladi.

Shuningdek, uchrashuvda investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarini moliyalashtirish, moliyaviy-texnik hamkorlik va Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosidagi Trast jamgʻarmasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasidagi boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida koʻrib chiqilgan yoʻnalishlar doirasida mavjud boʻlgan masalalarni hal qilishni tezlashtirish boʻyicha hamkorlikni faollashtirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.