Bu – quvonch koʻz yoshlarim

    Ijtimoiy hayot 3 May 2021 1731

    Hayotxon ABDULLAYEVA, Namangan viloyatining Pop tumanidagi “Qoʻshtepa” mahalla fuqarolar yigʻini:

    Qishli-qirovli kunlarda uyimizni tom bosib qolmasaydi, deb shiftga qarab, yuragimni hovuchlab oʻtirardim, ochigʻi, qattiq xavotirlanardim.

    Devorlar nurab ketayotgandi, tushkunlikdan chiqolmasdik. 5 qizim bor, kattasining boʻyi yetib qoldi, oʻzi bilan birga orzu-havaslari ham oʻsyapti. Avvallari dugonalaridek shoʻx-shodon yurolmasdi. Shukrki, endi chehrasi ochiq, yaxshi kayfiyatda hovlidagi yumushlarni gʻayrat-shijoat bilan bajarayotganini kuzatib, koʻnglim toʻladi. Singillari ham yonida oʻynab-kulib yurishib

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Ayollar daftari” tashkil etilganida birinchilardan boʻlib bizni roʻyxatga yozishdi va tez-tez xabar olib turishdi. Bir kuni tumanimiz hokimi mahallamizni oʻrgangani kirdi. Tang ahvolimizni koʻrib, “Bu uy yashashga yaramaydi, boshqa qurib beriladi!” dedi. Hech qancha vaqt oʻtmay, ustalar kelib, eskisini buzib, yangisini tiklash ishlarini boshlab yubordi. Qisqa muddatda koʻrimsiz boshpanam oʻrnida koʻrkam uy barpo boʻldi. Darvozaxonasi, ayvoni bor, 3 xonali yorugʻ va shinam, shifer bilan yopilgan uyga ega boʻlishni uzoq kutdik. Bolalarim “Aya, togʻamning puli qachon keladi, qachon yangi uy quramiz?” deb soʻraganida labimni tishlab, ichimdan yigʻlardim. Hozirgisi esa quvonch va shukronalik koʻz yoshlari.

    Mana, peshonamizga bitgan ekan, fayzli boshpana nasib qildi. Juda xursandmiz, hayotimizdan rozimiz! Tumanimiz hokimi, 1-sektor rahbari yangi uyni foydalanishga topshirish tadbirida ham qatnashdi. Qolaversa, uy-roʻzgʻor buyumlari, zarur oziq-ovqat mahsulotlari, oʻyinchoqlar, oʻquv qurollari taqdim etishdi. Tabriklash uchun “uy koʻrdi”ga chiqayotgan qoʻshnilaru qarindoshlar ham atagan sovgʻa-salomlarini olib kelyapti.

    Fursatdan foydalanib, viloyatimiz va tumanimiz mutasaddilariga, bizga koʻmaklashgan tadbirkorga, xonadonimizga mehnati singgan bunyodkorlarga alohida tashakkur. Turmushda va ishda qiynalib qolgan ayollar va yoshlar uchun beminnat yordamga undayotgan, roʻshnolik ulashayotgan, jamiki ezguliklar boshida turgan, mushkullarimizni yengillashtirayotgan Prezidentimizdan bir umr minnatdormiz, samimiy rahmatimiz cheksiz, omon boʻlsinlar!

    Muborak Ramazon oyida ikki qoʻlim duoda. Kelajakda farzandlarim ham xuddi shu insonlardek el koriga yaraydigan, sinovli kunlarda atrofdagilarga yordam qoʻlini choʻzadiganlardan boʻlsin, ilohim. Bu hayajonli kunlarni hech qachon esimdan chiqarmayman, dilbandlarim ham aslo unutmaydi. Shu uyda toʻylar oʻtkazish nasib etsin, farzandlarimning baxtini bersin!