"Bu galgi Olimpiada biz uchun sport olamida bir qator yangi isteʼdod sohiblarini, yangi Oʻzbekistonning yangi qahramonlarini kashf qilib berganini taʼkidlash lozim.
Xususan, 18 yoshli sportchi qizimiz, qoraqalpoq elining munosib farzandi Zaynab Dayibekova qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston tarixida birinchi marta Olimpiada qatnashchisi degan sharafga sazovor boʻldi.
Eng muhimi, u musobaqalarning ikkinchi davrasida Osiyo oʻyinlarining finalchisi, dunyo reytingida 3-oʻrinda borayotgan xitoylik tajribali sportchini magʻlub etdi.
Men ishonaman, Zaynab qizimiz kelgusi Olimpiya oʻyinlarida yana-da faol ishtirok etib, oʻzining tirishqoqligi bilan Oʻzbekistonimizga albatta oltin medal olib keladi.
Oʻn toʻqqiz yoshli Kumushxon Fayzullayeva esa 76 kilogrammgacha vazn toifasidagi qizlar oʻrtasida ogʻir atletika bahslarining eng yosh ishtirokchisi sifatida eʼtirof etildi.
Taʼkidlash lozimki, dunyo miqyosida kamdan-kam sportchi bu yoshda Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish sharafiga muyassar boʻladi.
Shuningdek, umidli bokschimiz Tursunoy Rahimova hamda Olimpiada oʻyinlarida ogʻir atletika boʻyicha yangi rekordni oʻrnatgan qizimiz Muattar Nabiyevaning chiqishlari ham hech kimni befarq qoldirmadi.
Hech shubhasiz, bularning barchasi yurtimizda yosh avlod tarbiyasiga, jismoniy tarbiya va sport rivojiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va amaliy gʻamxoʻrlik natijasidir.
Hurmatli doʻstlar, mana, koʻrib turibsizlar – Oʻzbekistonning jasur sportchi qizlari xalqaro maydonlarga dadil kirib kelmoqda. Barchamiz ularga chin qalbdan tasanno aytamiz.
Ayni vaqtda men sportchi yigitlarimizga qarab aytmoqchiman: agar qattiq gʻayrat qilmasalaringiz, qizlarimiz hademay sizlardan oʻtib ketadi".