Bu hafta havo yanada isiydi

    "O‘zgidromet" O‘zbekistonda 24-28-iyul kunlari kutilayotgan ob-havo ma’lumotini ulashdi.

    Ma’lum bo‘lishicha, boshlangan haftaning katta qismida O‘zbekiston hududi bo‘yicha issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.

    Kunduz kunlari harorat 39-42° ga, janubda va cho‘l hududlarda, shuningdek 24-25 iyul kunlari respublika shimolida ba’zi joylarda 43-44° ga yetadi.

    27-iyulda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga, 28 iyulda respublikaning barcha hududlariga Qozog‘iston hududlaridan nisbatan salqin havo kirib keladi va harorat 35-38° gacha, janubda 40-42° gacha biroz pasayadi.

    Bunday harorat hafta oxirida ham saqlanib turadi.

    Shimolda, janubda va cho‘l hududlarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha, ayrim joylarda 20-22 m/m gacha kuchayishi, chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.

    Tog‘li hududlarda 24-iyulda kunning ikkinchi yarmida va hafta oxirida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

    Poytaxtimizda: 24-27-iyul kunlari havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan birozdan o‘rtacha tezlikgacha esadi. Harorat 24-27-iyulda 39-42°, 28-iyulda 38-40° bo‘ladi.

    "Ushbu haftada kunlar issiq bo‘lishiga qaramay, havo harorati o‘tgan yillarda o‘rnatilgan rekord ko‘rsatkichlarga yetib bormaydi", deyiladi xabarda.