Nukusdagi “Kattagar” temir-beton zavodi bir paytlar shahardagi yirik sanoat korxonalaridan edi. Asrimiz boshlarida bankrotga uchrab, to'xtab qoldi. U xususiylashtirilgach, ishlar yana yurishib ketdi. Korxonaning nomi “Konkred blud”ga o'zgardi.
— To'xtab qolgan korxonani yo'lga qo'yish uchun xorijdan yangi uskunalar olib keldik. CHunki avvalgilari ma'nan eskirgan edi. YAngi uskunalarimiz ixcham va energiyasamarador, — deydi “Konkred blud” korxonasi rahbari Marat Huseynov. – Asosan qurilish mahsulotlari ishlab chiqaramiz. Hozirgi kunda zavodimizda 50dan ziyod ishchi mehnat qiladi. Ularga yaratilgan shart-sharoit ish sifatiga ta'sir ko'rsatishi tabiiy. Bepul tushlik beriladi, yuvinish xonalari ular xizmatida. Oylik maoshlarni ham o'z vaqtida oladi.
Bugungi kunda korxona Qoraqalpog'istonnig barcha hududlarida olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlariga, yirik inshootlarga mahsulot etkazib berib, yurtimiz qurilish industriyasida o'z o'rnini topib bomoqda. Zavodning payvandlash tsexida o'z kasbining mohir ustalari ishlaydi. Ular orasida ayollar ham borligi e'tirofga loyiq. Payvandlovchilik og'ir va murakkab kasb bo'lsa-da, ayollar bu yumushni qoyillatib bajarmoqda.
— Ushbu korxonada ish boshlaganimga o'n yildan oshdi. Kelgan paytlarimda rosa qiynalganman. Temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish asosan erkak kishilarning ishi deb uylardim, — deydi payvandlovchi Guljahon Utepbergenova. — Lekin ish jarayonida bu kasbni ayollar ham bemalol eplay olishiga ishondim. Bir-ikkita ustoz opalardan ko'p narsa o'rgandim. Hozir ular nafaqada. Ustozlarimdan o'rganganlarimni yangi ishga kelgan qizlarga o'rgatayapman. Uylarimiz shu yaqin atrofda, hech qiynalmasdan kelib ketamiz.
O'z kasbidan rozi, qilayotgan ishini sevadigan Guljahon opaning faoliyatini kuzatib, uning harakatlariga havasingiz, zavqingiz keladi. Opaning shogirdlaridan biri Nurjamol Sayimbetova ham shu kasbning ustasi va fidoiylaridan. U tsexda payvandlash ishlari bilan bir qatorda, katta ko'chma kranni ham mahorat bilan boshqara oladi. Albatta, katta tsex va undagi texnikalar ayollar uchun biroz vahimali ko'rinishi mumkin. Biroq bu erdagi ishchi xotin-qizlar shijoat va mahorat bilan bemalol shunday texnikalarda ishlayotganidan hayratlanmay iloj yo'q.
Zavodda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatidan buyurtmachilar ham mamnun. Zero, sifatli va arzon mahsulotning xaridori ko'p bo'ladi. Korxonaning temir-beton mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tsexlari faoliyati bilan tanishar ekanmiz, bu erda suv qurilishi, elektr tarmoqlari, xalq xo'jaligining boshqa tarmoqlari uchun zarur bo'lgan turli o'lcham va assortimentdagi tayyor temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarilayotganiga guvoh bo'ldik.
— O'tgan yili korxonamizga ikkita yangi texnika olib keldik. Bu samaradorlikni oshirib, yana ko'proq foyda keltirmoqda. SHuningdek, temir-beton mahsulotlari uchun zarur qum, sheben` va tsementlarni o'zimizning texnikalarda olib kelyapmiz. Texnikalarimizning barchasi yangi, — gapini davom ettirdi korxona rahbari Marat Huseynov. — Kelgusida temir-beton mahsulotlarining sifatini yanada yaxshilab, energiyani tejash va ishchi xodimlar sonini ko'paytirishni maqsad qilganmiz.
Korxona mutasaddilari ishni yanada unumli va sifatli qilish borasida izlanishda. Zero, bugun har bir sohaga yangi texnologiya va innovatsiyalarni joriy etishni davrning o'zi taqozo qilmoqda.
YOshlar bor joyda esa kuch, shijoat va jo'shqinlik bo'ladi
Quruvchilar g'isht va tsement bunyodkorlikning asosi deyishadi. Nukus shahrining janubidagi sanoat iqtisodiy zonasida joylashgan 1-g'isht zavodi sifatli mahsulot etkazib berayotgan korxonalardan biri.
Zavod faoliyatini boshlaganiga hali ko'p vaqt bo'lmadi, ammo jamoa doim harakatda va izlanishda. SHundan bo'lsa kerak, yaqin hududlarda unga raqobatdosh bir nechta g'isht zavodi bo'lishiga qaramay, korxona mahsulotiga talab katta. Zavod egasi, tadbirkor Azamat Polvonov hududdagi ko'plab kishilarni ish bilan ta'minladi. Ishchilarning ko'pchiligi yoshlar. YOshlar bor joyda esa kuch, shijoat va jo'shqinlik bo'ladi.
— Men ushbu korxonada ikki yildan beri ishlayman. Bajaradigan ishimizga yarasha pul ham olyapmiz. YOnimdagilarning ko'pchiligi o'zim kabi yoshlar, — deydi Asilbek esenbaev. — Ishlayman deganga yoshi, qobiliyatiga yarasha ish topiladi. Daromadimiz oilamiz uchun bemalol etib turibdi.
Har qanday mehnat bir qarashda ko'zga oson va oddiy bo'lib ko'rinishi mumkin. Ammo uning o'ziga xos sirlari va usullaridan xabardor bo'lmasang, ish bir qolipda kechishi qiyin. Bu narsani yaxshi anglagan jamiyat rahbarlari ishni kichikroq hajmdan boshladi. Ishlab chiqarilayotgan maxsulotlari arzon hamda sifatli bo'lgani uchun tezda o'z xaridorlarini topdi. Bugun esa jamiyat darvozasi oldida turnaqator yuk mashinalari tizilib turganining o'zi mahsulotlar qanchalik xaridorgir ekanini bildirib turibdi.
— Bundan 5 yil avval ishga tushgan g'isht zavodimizda dastlab kuniga 15 ming dona pishgan g'isht, 35–40 ming xom g'isht tayyorlardik, — deydi korxona rahbari Azamat Polvonov. — Hozir esa kuniga 60–70 ming xom g'isht, 50–60 ming pishgan g'isht ishlab chiqaryapmiz. Korxonamizda 150 kishi ishlaydi. Asosiy ishchilar shu hududdagi mahallalar yoshlari. Ishlab chiqarish ko'lami kengayib, texnikalarimiz soni ham ortdi. Biz g'isht ishlab chiqarishda 3–4 yildan buyon ko'mirdan foydalanyapmiz. Mahsulotlarimiz sifati yaxshi bo'lgani bois xaridorlarimiz ham yildan-yilga ko'paymoqda. YAqinda zamonaviy uskunalar olib kelamiz va o'z-o'zidan yana 50–60 kishi ish bilan ta'minlanadi.
Mazkur jamiyat o'z oldiga katta reja va marralar qo'ygan. Asosiy maqsad korxonaning faoliyati va qamrovini yanada kengaytirish, ishchilar sonini ko'paytirish, ishni mavsumiy qilmasdan, yilning to'rt faslida ham to'xtovsiz yurgizish. “Harakatda – barakat” deganlaridek, izlanish va intilishlar natijasiz qolmayapti. Korxonada yildan-yilga sifatli va arzon mahsulot ishlab chiqarilyapti.
Kelajakka poydevor
Joriy yilda ham Investitsiya dasturiga muvofiq, Qoraqalpog'istonning qator tuman va shaharlarida maktabgacha ta'lim tashkilotlari uchun binolar qurishga, borlarini ta'mirlashga katta e'tibor qaratib kelinayapti. Natijada zamonaviy va qulay sharoitlarga ega bo'lgan bolalar bog'chalarini nafaqat shaharlarda, balki qishloqlarda ham uchratishimiz odatiy holga aylandi.
Ana shunday inshootni qurish ishlari Xo'jayli tumanidagi “SHag'ala ko'l” ovul fuqarolar yig'ini hududida boshlandi. Qo'li gul quruvchilar har bir daqiqadan unumli foydalanib, ob'ektni belgilangan muddatda topshirishga bel bog'lagan. SHu kunlarda ikki qavatli binoning g'isht terish ishlari yakunlandi. Bino tomiga beton plitalari yotqizilib, murakkab temir-beton konstruktsiyalarni montaj qilish, payvandlash ishlari amalga oshirilmoqda.
— Ushbu bog'cha 60 o'ringa mo'ljallangan. Qurilish qiymati 2 milliard 723 million so'mni tashkil etadi, — deydi “Mang'it real qurilish” korxonasi ish yurituvchisi Reymboy Mirzambetov. — Joriy yil oktyabr` oyida ob'ekt foydalanishga topshiriladi.
Sirasini aytganda, barcha jabhalarda yuz berayotgan keng ko'lamli o'zgarish va bunyodkorlik ishlari qoraqalpog'istonliklarning bugunidan rozi bo'lib, kelajakka ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“YAngi O'zbekiston” muxbiri