Unda qayd etilishicha, O‘zbekistonda Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati yangiliklari va fuqarolardan taklif qabul qilish platformasi – meningkonstitutsiyam.uz portali ishga tushirilgan.
Portalda Konstitutsiyani takomillashtirish bo‘yicha taklif qoldirish uchun elektron hukumatning yagona avtorizatsiya tizimi – id.egov.uz orqali kirish zarur bo‘ladi (id.egov.uzdan ro‘yxatdan o‘tish tartibi haqida bu yerdan ma’lumot oling).
Yuborilgan takliflar ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqdan o‘tgani muhokama uchun e’lon qilinadi.
Shuningdek, takliflarni Telegram orqali meningkonstitutsiyam_bot boti ko‘magida, uningdek, 1344 raqamiga telefon qilish orqali ham yuborish mumkin.
Telegram-bot va koll-markaz orqali yuborilgan takliflar portalda e’lon qilinmaydi, lekin takliflar statistikasiga qo‘shiladi.
Quyidagi takliflar inobatga olinmaydi va ko‘rib chiqilmaydi:
- Konstitutsion ishchi guruhi vakolatlariga kirmaydigan;
- shaxsiy ehtiyoj yoki shikoyatdan iborat bo‘lgan;
- tuhmat yoki bo‘htondan iborat bo‘lgan;
- jamoat tartibini, aholi salomatligi va xavfsizligini ta’minlashga doir favqulodda va shoshilinch chora-tadbirlar to‘g‘risidagi;
- O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini o‘zgartirish to‘g‘risidagi;
- mavjud konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vatlar;
- jamiyatning axloqiy qadriyatlariga putur yetkazadigan, fuqarolarning or-nomusi va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini poymol qiladigan;
- urush, zo‘ravonlik, shafqatsizlikni targ‘ib qilish, elatlararo, irqiy, diniy adovat, ekstremizm, separatizm va fundamentalizmni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi;
- terrorchilik harakatlarini sodir etishga, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq jinoiy va o‘zga javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa xatti-harakatlarni sodir etishga da’vat qilish to‘g‘risidagi.