Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Xorazm viloyati boshqarmasi Urganch tuman boʻlimi boshligʻi lavozimiga Ataniyazov Ikrom Boltaboyevich tayinlanganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq. Bu lavozimda 2020-yilning noyabridan beri ishlab keladi.
Sanitariya-epidimiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Xorazm viloyati boshqarmasi Urganch tuman boʻlimi tomonidan 2021-yil 26-martda eʼlon berilib, boʻlim binosi va xojatxonasini joriy taʼmirlash uchun 2021-yil 7-aprel sanasida tanlov oʻtkazilgan.
Komissiya qiymati 225,5 mln. soʻm boʻlgan binoni joriy taʼmirlash uchun “JK” MCHJni gʻolib sifatida tanlab oladi. Oʻrganish davomida mazkur korxona ustav fondidagi ulushlari, yuridik shaxslar reyestriga koʻra, toʻligʻicha boʻlim boshligʻi Ataniyazov Ikrom Boltaboyevichning ukasiga tegishli ekanligi kuzatildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-iyuldagi “Raqobat muhitini yana-da rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq oshkoralikni taʼminlash va davlat xaridi tartib-taomillarini yana-da takomillashtirish maqsadida, 2020-yil 1-oktyabrdan boshlab Farmonning 2-bandiga asosan, davlat buyurtmachisi, strategik ahamiyatga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyati va korxonasi bilan manfaatlar toʻqnashuviga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyekt davlat xaridlarini yoki eng yaxshi takliflarni tanlab olishning yoxud toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar ishtirokchisi boʻlishi mumkin emas.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunining 40-moddasida “Davlat xaridlari jarayonida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilmaydi” – deb belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan, Sanitariya-epidimiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining Xorazm viloyati boshqarmasi Urganch tuman boʻlimigi nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatildi.
Ishni koʻrib chiqish natijalariga koʻra, tanlov savdosi bekor qilindi va “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi Kodeksning 178-qism 6-qismiga muvofiq rasmiylashtirilgan maʼmuriy ish xujjatlari tegishli Sud organiga oʻtkazildi, deya xabar qiladi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Matbuot xizmati.