"Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni Oʻzbekiston milliy terma jamoasining Olimpiya oʻyinlarida qoʻlga kiritgan ulkan, tom maʼnoda tarixiy gʻalabasi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Albatta, barchamiz dunyodagi eng nufuzli ana shu musobaqalarda Oʻzbekiston vakillarining har bir chiqishini “oynai jahon” orqali katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordik.

Oʻz navbatida, mard va jasur sportchilarimiz ham bunday yuksak ishonchni oqlab, xalqimizga yorqin gʻalabalarni tortiq etdilar.

Hech shubhasiz, bu Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik shonli bayramiga munosib sovgʻa boʻldi.

Olimpiadada sportchilarimiz yuksak shohsupalarga koʻtarilib, 3 ta oltin va 2 ta bronza medalni qoʻlga kiritdilar.

Hammamizga ayonki, Olimpiya oʻyinlarida yer yuzining eng zoʻr, manaman degan sport ustalari ishtirok etadi.

Sizlar dunyo tan olgan sportchilar bilan mardona olishib, ularning oʻzini ham, ular erishgan natijalarni ham ortda qoldirib, 3 ta Olimpiya rekordini yangilab, jahon sportida ham yorqin sahifa ochdingiz.

Mamlakatimiz jamoasi 200 dan ziyod davlatdan kelgan eng kuchli sportchilar orasida umumjamoa hisobida – oʻttiz ikkinchi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida – ikkinchi, Markaziy Osiyoda esa – birinchi oʻrinni egalladi. Bu chindan ham oʻzbek sporti tarixidagi ulkan natijadir."

"Bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan qahramon oʻgʻlonlarimiz – Tokio Olimpiadasi gʻoliblari haqida har qancha faxrlanib gapirsak arziydi, albatta.

Jamoamizga ilk oltin medalni taqdim etgan 19 yoshli sportchimiz, taekvondo ustasi Ulugʻbek Rashidovga va uning davramizda ishtirok etayotgan hurmatli otasi Ismatilla Rashidov hamda onasi Oksana Danilenkoga el-yurtimiz nomidan tashakkur bildiramiz.

Ulugʻbek Oʻzbekiston tarixida Olimpiya oltin medalini qoʻlga kiritgan eng yosh sportchi sifatida nom qozondi.

Mahoratli polvonimiz Akbar Joʻrayevning umumiy hisobda 430 kilogrammlik marrani egallab, Olimpiya rekordini oʻrnatgani va ikkinchi oltin medalni qoʻlga kiritgani barchamizga ulkan quvonch bagʻishladi.

Mana shunday mard va pahlavon yigitni tarbiyalagan Akbarjonning onasi Normatova Hafizaxon singlimizga samimiy rahmatimizni aytamiz.

Alpomishlar yurti – Surxon zaminida tugʻilgan yengilmas sportchimiz Bahodir Jalolovni hammamiz yaxshi bilamiz.

Ismi jismiga mos bu azamat yigit va uning mehribon onasi Sabohat Jalolovani barchamiz qizgʻin qutlaymiz. Men ular bilan avval ham uchrashib, samimiy suhbatlashganimni hamisha yaxshi taassurotlar bilan eslayman.

Bahodir aziz onasiga, xalqimizga bergan vaʼdasining ustidan chiqib, Vatanimizga uchinchi oltin medalni tuhfa qildi. Shu tariqa oʻzbek boks maktabining shon-shuhratini yana-da yuksak bosqichga olib chiqdi.

Milliy dzyudo maktabimizning zabardast vakili Davlat Bobonov va mahoratli erkin kurashchimiz Behzod Abdurahmonovni keskin bellashuvlarda bronza medallarini qoʻlga kiritganlari bilan qutlaymiz.

Bugun davramizda Davlatjonning ota-onasi Husniddin aka va Nuriyaxon opa, Behzodjonning otasi Muhammadjon Abdurahmonov va onasi Muhabbatxon ishtirok etishyapti.

Mana shunday botir oʻgʻlonlarni tarbiyalab voyaga yetkazgani uchun ularning ota-onalari va ustozlariga chin yurakdan tashakkur izhor etamiz".

"Tomirlarida Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud, Zahiriddin Bobur kabi buyuk ajdodlarimizning kuch-gʻayrati joʻsh urib turgan, ularga har tomonlama munosib boʻlgan avlodgina bunday ulkan ishlarga qodir boʻladi.

Bugungi kunda butun Oʻzbekiston sizlar kabi bahodir oʻgʻlonlarini olqishlamoqda, jahon ahli sizlarga tan bermoqda.

Men doimo bir fikrni takrorlashdan charchamayman. Biz oʻzimizning halol mehnatimiz, aql-zakovatimiz, qatʼiyat va irodamiz bilan dunyo ahli bizni tan olishi, eʼtirof etishiga erishishimiz kerak.

Yangi Oʻzbekistonni yangi gʻalabalar bilan butun dunyoga tanitayotgan sportchilarimizning beqiyos yutuqlari mana shu yoʻlda yana bir muhim qadam boʻlishi shubhasiz.

Bunday azmu shijoatli, vatanparvar yoshlarimiz eng katta boyligimiz, millatimizning “oltin fondi”, desam, oʻylaymanki, butun xalqimizning fikrini ifoda etgan boʻlaman".

"Yana bir muhim jihati – ayollar oʻrtasida sportni rivojlantirish maqsadida amalga oshirayotgan katta ishlarimiz ijobiy natija bermoqda. Buni 28 nafar sportchi xotin-qizlarimiz Tokio Olimpiadasiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgani ham tasdiqlaydi.

Taʼkidlash kerakki, bu mustaqil Oʻzbekiston tarixidagi rekord natijadir.

Bokschi qizlarimiz ilk bor Olimpiadaga 3 ta yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi. Natijada boks boʻyicha jami litsenziyalar soni 11 tani tashkil etdi.

Ushbu Olimpiya oʻyinlarida faqat uchta davlat shuncha bokschi bilan ishtirok etganini hisobga olsak, bu ham albatta alohida eʼtiborga loyiq koʻrsatkich.

Bunday misollarni yana davom ettirish mumkin. Bularning barchasi Oʻzbekistonda olimpiya harakati tobora rivojlanib, yangi, yuksak bosqichga koʻtarilayotganidan dalolat beradi.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Tokio Olimiadasida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarimiz taʼlim olgan maktab va oliy oʻquv yurtlarida, voyaga yetgan mahallalarda ularning ibratli faoliyatini targʻib etishga bagʻishlangan koʻrgazmalar tashkil qilish maqsadga muvofiq boʻladi".