1-sinfga qabul jarayoni 6-iyuldan boshlanadi

    Ta'lim 1 Iyul 2020 8812

    Joriy yilning 6-iyulidan 2020-2021 oʻquv yili uchun umumtaʼlim maktablariga 1-sinf oʻquvchilarining qabul jarayoni boshlanmoqda.

    Pandemiya sharoitini inobatga olgan holda, 1-sinfga oʻquvchilarning hujjatlari qabul qilinadi:

    6-31-iyul kunlari biriktirilgan mikrohudud doirasida;

    1-25 avgust kunlari maktablarning imkoniyatidan kelib chiqib mikrohududdan tashqari.

    Shuningdek pandemiya sharoitida ota-onalarning maktablarda toʻplanib qolishini oldini olish maqsadida Toshkent shahrida tajriba-sinov tariqasida ilk marotaba 1-sinfga boradigan oʻquvchilarning hujjat topshirish jarayoni qabul.maktab.uz orqali onlayn navbat asosida amalga oshiriladi. Dastur Toshkent shahrida muvaffaqiyatli tatbiq etilsa, keyingi oʻquv yilidan boshlab boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy qilinadi.

    1-sinfga qabul uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:

    1.Direktor nomiga ariza;

    2.Bolaning tugʻilganlik haqida guvohnoma nusxasi;

    3.Ota-onaning pasport nusxalari;

    4.Bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisida tibbiy maʼlumotnoma;

    5.Bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati;

    Tegishli yilning 31-avgustiga qadar 6,5 yoshga toʻlmagan, 1-sinfda oʻqish istagini bildirgan bolalarning ota-onalari bilan umumtaʼlim muassasasining pedagog xodimlari va psixologi tomonidan bolani maktabda oʻqishga tayyorlash boʻyicha tushuntirish ishlari olib boriladi. Maktab yoshiga toʻlmagan bolani maktabga berib qiynagandan koʻra, maktabgacha tayyorlov tashkilotlariga yuborgan maʼqul ekanligini yana bir bor eslatib oʻtamiz.

    Farzandingizni umumtaʼlim maktablarining 1-sinfiga qabul qilish bilan bogʻliq savollar, taklif va shikoyatlar yuzasidan tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlariga murojaat etish mumkin.

    Ota-onalardan maktablarga tashrif davomida karantin qoidalariga qatʼiy amal qilish hamda ijtimoiy masofa saqlash soʻraladi!

    Maʼlumot uchun: 2020-2021-oʻquv yilida Respublika boʻyicha jami 650 116 nafar bola 1-sinfga qabul qilinishi rejalashtirilgan.