Bu yil ilk bor paxtada oʻrtacha hosildorlik 46 sentnerga yetdi

    Paxtachilikda ilm-fan yutuqlari va ilgʻor agrotexnologiya olib kirilgani, yuqori unumdor xorijiy navlar ekilgani hisobiga mirishkor dehqon va fermerlarimiz tomonidan 875 ming gektar yerda 4 million tonnaga yaqin xirmon yaratildi.

    Ilk bor paxtada oʻrtacha hosildorlik 46 sentnerga yetdi.

    Joriy yil 3 mingdan ziyod fermer gektaridan oʻrtacha 50-60 sentnerlik, 1,5 mingi 70 sentnerlik marradan oʻtib, paxtachilikda oʻzining tajriba maktabini yaratdi.

    Gʻallakorlarimiz ham yangi mahalliy navlar va biotexnologiya orqali bu yil 8 million 400 ming tonna xirmon yaratdi, oʻrtacha hosildorlik 85 sentnerga yetdi. Bunda har bir gektar yerdan 100 sentnerdan hosil olgan 3,5 mingdan ziyod fermerlarimizning munosib hissasi bor.

    Sholikorlarimizning mehnati ham alohida eʼtirof etildi. Ular bu yil 268 ming gektarda sholi ekib, 1 million 340 ming tonna hosil oldi, oʻrtacha hosildorlik 50 sentnerga yetdi.

    Suv masalasi dolzarb boʻlgan hozirgi davrda fermerlarimiz sholining oʻzida 35 ming gektarda suv tejovchi texnologiya qilgani, 45 ming gektarda sholini koʻchat usulida ekkani uchun 350 million kub metr suv tejaldi.