Bu yil maktab oʻquvchilari uchun majburiy forma talab etilmaydi

    2018-yil Hukumat tomonidan yagona maktab formalari namunalari tasdiqlagan edi. Ammo maktablarda bu galgi oʻquv yili uchun oʻquvchilardan majburiy forma talab etilmaydi.

    Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi boshqarma boshligʻi Azamat Kamolov maʼlum qildi.

    Oʻzbekistonda maktab oʻquvchilari uchun majburiy maktab formalari 2018/2019-oʻquv yilidan boshlab uni ixtiyoriy tartibda kiyishga ruxsat berilgandi. Maktab formalari majburiy boʻladigan sana 2019/2020-oʻquv yilidan 2024/2025-oʻquv yiliga – 5-yilga kechiktirilgandi. Vazirlar Mahkamasining qaroriga tegishli tuzatishlar kiritilgan boʻlib, yagona maktab formasi 2025-yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etib borilishi belgilan edi.

    – Har yili har bir maktab tomonidan oʻz nizomi boʻyicha belgilangan forma tanlab olinadi, – deydi Azamat Kamolov. – Hozirga qadar oʻquvchilar uchun ayni bir xil forma kiyilsin, degan qattiq talab qoʻyilmadi. Demak, joriy yilda ham maktablarda majburiy forma joriy etilmaydi. Ammo oʻquvchilar uchun “Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari”ga muvofiq, oʻquvchilarning taʼlim muassasasi ustavida man etilgan libos va qiyofada, jumladan oʻgʻil bolalar kalta shim, futbolka, shippakda va qizlar tor va tanani ochiq koʻrsatuvchi yupqa, harir kiyimlarda kelishi hamda boʻyni va barmoqlariga turli taqinchoqlar taqishi man etiladi.

    Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan olib borilgan oʻrganishlar va tahlil natijalariga koʻra, yagona maktab formasi maktab oʻquvchilari (ularning ota-onalari) oʻrtasida kiyinish boʻyicha raqobatni cheklaydi, turli xil ijtimoiy-iqtisodiy toifadagi oilalar farzandlari orasida tabaqalanishning vizual farqini keskin kamaytiradi.

    Albatta, maktab formasini joriy etishning maqsadi oʻquvchilarning bilimli, odob-axloqli, sogʻlom fikrli, har tomonlama barkamol shaxs boʻlib yetishishiga koʻmaklashish, ularning salomatliklarini muhofaza qilish uchun shart-sharoit yaratishdan iborat.