Bu yil oktyabr oyida qanday ob-havo boʻlishi kutilmoqda?

    Respublika boʻyicha 5-oktyabrdan havo harorati pasayadi. Oktyabr oyining ikkinchi va uchinchi oʻn kunligida harorat kechalari 10-15 daraja, kunduz kunlari 23-28 darajada boʻladi.

    “Oʻzgidromet” 2024-yilning oktyabr oyida ob-havo qanday kelishi yuzasidan oʻz bashoratlarini eʼlon qildi.

    Maʼlum qilinishicha, Bu yil oktyabr iliq ob-havo bilan boshlandi. 2-4 oktyabr kunlari harorat kechalari 13-18 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 26-31 daraja iliqqacha koʻtariladi. Respublika hududining katta qismida yogʻingarchilik kutilmaydi. Yomgʻir faqat 2 oktyabr kuni Toshkent viloyati va Fargʻona vodiysi viloyatlarida va 3-4 oktyabr kunlari respublika shimolida va choʻl hududlarida yogʻadi.

    Respublika boʻyicha 5-oktyabrdan 10 oktyabrgacha harorat foni pasayadi.

    Ushbu davrda havo harorati asosan kechalari 8-13 daraja iliq, kunduz kunlari 21-26 daraja iliq boʻladi. Oʻzbekistonning markaziy va sharqiy hududlarida 5-6 oktyabr kunlari baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi. 7-10-oktyabrda asosan yogʻingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi.

    Oyning ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarida harorat kechalari 10-15 daraja iliqdan 0-5 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 23-28 daraja iliqdan 15-20 daraja iliqqacha oʻzgarib turishi kutilmoqda.

    Oktyabr oyining uchinchi oʻn kunligida ayrim hududlarda tuproqda va havoda sovuqlar kuzatilishi mumkin.

    Oktyabr oyi ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarining ayrim kunlarida (oʻn kunlikda 1-3 kundan) baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, togʻlarda qorga aylanadi.

    Oylik yogʻingarchilik miqdori meʼyordan kam, respublika shimolida, janubida va choʻl hududlarida baʼzi joylarda meʼyor atrofida boʻlishi kutilmoqda.