16-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy taʼlim tizimini rivojlantirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtgan edi. Unda oliy taʼlim tizimidagi kamchiliklar tahlil etilib, sohani rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilangandi.

Bugun, 21-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining haftalik brifingida mazkur videoselektor yigʻilishi haqida ham toʻxtalib oʻtildi.

– Mamlakatimizda 117 ta oliy oʻquv yurti bor. Oxirgi yillarda xorijiy universitetlarning 26 ta filiali ochildi. Natijada bitiruvchilarni oliy taʼlimga qamrab olish darajasi ilgarigi 9 foizdan 27 foizga oshdi. Xususiy va xorijiy oliygohlar koʻpayib, sohaga raqobat kirib keldi.

Yigʻilishda taʼlim muassasalari uchun, yoshlar uchun yana-da keng sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.

Jumladan, oliygohlar boshqaruv kengashlarining rolini oshirish va kafedralar vakolatlarini kengaytirish, taʼlim dasturlarini qayta koʻrib chiqib, zamon talablariga moslashtirish, doktoranturaga kvotalarni 2 baravar oshirish, sohani raqamlashtirish orqali qogʻozbozlikni kamaytirish, yotoqxonalarni koʻpaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Ular bu yilgi Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida yoshlar uchun yangi imkoniyat boʻladi. Keyinchalik oʻqishga kiradigan ukalarimiz va singillarimizning manfaati uchun katta poydevor boʻlib qoladi, – dedi Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.