Bu yil Xalq banki tomonidan qancha imtiyozli kredit ajratilgani ochiqlandi

    Moliya 25 Iyun 2020 7059

    Joriy yilning 24-iyun holatiga koʻra, Xalq banki tomonidan “Oilaviy tadbirkorlik”ni rivojlantirish Davlat dasturi doirasida 21 ming 232 ta loyihaga 647,5 mlrd. soʻm miqdoridagi imtiyozli kreditlar ajratilib, 22 ming 532 nafar aholining ish bilan bandligi taʼminlandi.

    Milliy matbuot markazida Xalq banki mutasaddilari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida xotin-qizlar bandligi, “Har bir oila – tadbirkor” hamda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturlari ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida soʻz bordi.

    Endi mobil ilova orqali ham kredit olish mumkin

    – Bank xizmatlari fuqarolar eng koʻp murojaat qiladigan yoʻnalishlardan biri boʻlgani bois, undan foydalanishda aholiga yanada qulaylik yaratish, xizmatlar koʻrsatish sifati va turlarini kengaytirish maqsadida barcha amaliyotlarni elektronlashtirish ishlari olib borilmoqda, – dedi Xalq banki kompleks rahbari Jamol Yusupov. – Xususan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratilayotgan imtiyozli kreditlar muddatlarini qisqartirish va inson omili aralashuvini kamaytirish orqali tizimda shaffoflikni taʼminlash maqsadida Xalq bankining “Oilaviy biznes” mobil ilovasi ishga tushirildi. Hozircha faqat jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan ushbu ilova fuqarolarga uydan chiqmasdan turib, “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi doirasida onlayn arziza toʻldirish va kredit olish imkoniyatini beradi. Ushbu dastur orqali bugunga qadar 6 mingga yaqin mijozlarga 123 milliard soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratildi.

    Shuningdek, aholi murojaatlariga oʻz vaqtida javob berish hamda fuqarolarning Xalq banki xizmatlaridan foydalanishida qulaylik yaratish maqsadida Jizzax shahrida mutlaqo yangi formatdagi call-senter ishga tushirildi. Unda nafaqat shikoyat va murojaatlarni qabul qilish, balki moliyaviy operatsiyalarni bajarish tizimiga ham oʻtilmoqda. Mijozlar uylaridan tashqariga chiqmagan holda, birgina qoʻngʻiroq orqali omonat ochish, kredit rasmiylashtirish va boshqa bank xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.

    Bundan tashqari, mazkur bank tomonidan 2020-yilda Toshkent shahrida oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatadigan 5 ta “Smart ofis”larni ishga tushirish ham rejalashtirilgan.

    3,9 trillion soʻmlik loyihalar moliyalashtirildi

    Anjumanda soʻnggi yillarda Xalq banki tomonidan aholiga kredit ajratish koʻrsatkichi oʻsib borayotgani taʼkidlandi. Birgina joriy yilning oʻzida jami 97 ming 876 ta mijozning 3,9 trillion soʻmlik loyihasi moliyalashtirilib, 24 mingdan ortiq aholi bandligi taʼminlandi.

    Bu borada ayniqsa, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularni biznes faoliyatiga koʻmak koʻrsatishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

    – Prezidentimizning 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida 2019-yilda bankning oʻz mablagʻlari hisobidan 36 703 nafar tadbirkor ayolga 615,2 mlrd. soʻm kredit summasi ajratildi, – dedi Jamol Yusupov. – Quvonarlisi, ushbu mablagʻlar hisobidan amalga oshirilgan loyihalar doirasida 36 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi.

    Shuningdek, “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi asosida yigit-qizlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 214 ta loyihaga 55,2 mlrd. soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. Loyihalarni amalga oshirish natijasida 607 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

    Koronavirus pandemiyasi davrida ham Xalq banki tomonidan kreditlar ajratilishi toʻxtab qolgani yoʻq. Xususan, karantin vaqtida 19 ming 183 ta loyiha uchun 550,5 mlrd. soʻm miqdorida kredit ajratilishi hisobiga 19 ming 958 nafar aholining bandligi taʼminlandi. Anjumanda aholi turmush sharoitini yaxshilash, tadbirkorlarning istiqbolli loyihalarini roʻyobga chiqarish, mijozlarga sifatli xizmat koʻrsatishga qaratilgan bu kabi ishlar faol davom ettirilishi taʼkidlandi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston”muxbiri