O'zbekiston paxta-to'qimachilik klasterlari uyushmasida joriy yilgi paxta yig'im-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan o'tkazish, yetishtirilgan hosilni  nes-nobud qilmasdan o'z vaqtida va sifatli yig'ib-terib olish masalalariga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.

Videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar mas'ullari, uyushma tizimidagi 122 ta paxta-to'qimachilik klasterlari rahbarlari ishtirok etdi, deb xabar berdi uyushma matbuot xizmati.

Mavsumda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan muammolarning oldini olish, terimchi va hasharchilarga yetarli shart-sharoit yaratish, mehnatga haq to'lash masalalari muhokamalar markazida bo'ldi.

Terimga, asosan, klaster va fermer xo'jaliklari ishchilari jalb etiladi

O'zbekiston paxta-to'qimachilik klasterlari uyushmasi raisining birinchi o'rinbosari Sa'dulla Tojiyevning ma'lum qilishicha, bu yilgi paxta yig'im-terim mavsumiga puxta tayyorgarlik ko'rildi.

Mavsumda majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslik va boshqa holatlarning oldini olish maqsadida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va barcha tumanlarda paxta terim markazlari tashkil etilmoqda. Terimga, asosan, paxta-to'qimachilik klasterlari hamda fermer xo'jaliklari ishchilari, shuningdek, muayyan mehnat bilan band bo'lmaganlar va ko'ngilli hasharchilar fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar asosida jalb etiladi.

O'zbekiston paxta-to'qimachilik klasterlari uyushmasi, Qishloq xo'jaligi vazirligi hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari tomonidan paxta terimida qatnashadigan terimchilar, terim otryadlari va otryad rahbarlari ro'yxatini shakllantirilib, elektron bazasi yaratiladi.

Karantin talablariga to'liq rioya qilinadi

Bu yilgi pandemiya sharoiti inobatga olingan xolda, har bir terim otryadi tarkibida terimchilar soni 70 nafardan oshirilmaydi. Ular uchun issiq ovqat tashkil etilib,  tibbiy xizmat, ko'chma savdo, madaniyat va maishiy xizmatlar ham yo'lga qo'yiladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ko'magida Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlariga respublikaning boshqa hududlaridagi Aholi bandligiga  ko'maklashish markazlari va xususiy bandlik agentliklari tomonidan ro'yxatga olingan aholi vakillarini ixtiyoriy ravishda jalb qilish ko'zda tutilgan. Ular uchun Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari tomonidan yotoq joylari hozirlanib, zarur inventarlar bilan jihozlanadi.

Terimchilar esa fartuk, tarozi, palatka, idish-tovoqlar, zarur ashyo va anjomlar bilan ta'minlanadi. Ularni paxta dalasiga olib borish va olib kelish uchun avtobuslar biriktiriladi.

Terim puli har besh kunda tarqatiladi

Joriy yilda qo'lda terilgan har bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun birinchi terimda – 1 200 so'mdan, ikkinchi terimda 1 500 so'mdan kam bo'lmagan miqdorda mehnat haqi to'lash belgilandi.

O'zbekiston paxta-to'qimachilik klasterlari uyushmasi raisining birinchi o'rinbosari Sa'dulla Tojiyevning aytishicha, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatining chekka tumanlarida terimchilarni qo'shimcha jalb qilish maqsadida qo'lda terilgan xar bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun Respublika byudjeti qo'shimcha manbalari hisobidan 230 so'mdan ustama haq to'lanishini ta'minlanadi.

Shuningdek, klasterlar o'zlariga biriktirilgan xududlarda terim pulini mustaqil belgilashi, ya'ni tavsiya etilayotgan narxlardan yuqori miqdorda haq to'lashlari ham mumkin.

Paxta-to'qimachilik klasterlariga paxta xomashyosini terib olish uchun yillik 14 foiz stavkada kredit ajratish maqsadida olti oy muddatda qaytarish sharti bilan “Agrobank” ATB depozitiga 1,6 trln. so'mgacha mablag'lar ajratilgan. Terim pullari har besh kunda, dam olish kunlariga to'g'ri kelishidan qat'iy nazar dalaning o'zida xizmat ko'rsatuvchi bank vakili tomonidan tarqatilishi belgilangan.

Qo'shimcha ma'lumot uchun tel.: 93-588-33-25