Bu yilgi Umra safari xizmati narxi maʼlum qilindi

    Ijtimoiy hayot 15 Yanvar 2022 101496

    Shu yil 5-yanvar kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari Saudiya Arabistonidagi “Abu Sarhad” hamkor shirkati bilan “Umra – 2022” mavsumini amalga oshirish boʻyicha shartnoma tuzganlari haqida xabar berilgan edi.

    Shundan soʻng, hududlarda pandemiyadan oldin navbatda turgan fuqarolar roʻyxatlarini shakllantirish, aviaqatnov jadvallarini ishlab chiqish, qoʻshimcha toʻlovlarni amalga oshirish va ziyoratchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ishlari boshlab yuborildi.

    Ayni kunlarda, Oʻzbekiston musulmonlari idorasiga OAV vakillari va moʻmin-musulmonlardan umra ziyorati boʻyicha juda koʻp savollar boʻlmoqda. Ushbu savollarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati quyidagi javoblarni taqdim etdi:

    — Umra safari qachondan boshlanadi?

    — Alloh nasib etsa, 2022-yil 22-yanvar kuni birinchi reysni Saudiya Arabistoniga uchirishga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Shundan soʻng 25, 28-yanvar kunlari ham navbatdagi reyslar amalga oshiriladi. Kelgusida muborak safarga reyslarni sezilarli darajada oshirib boriladi, insha Alloh.

    — Boshlanayotgan umra safariga qachon roʻyxatga yozilgan fuqarolar joʻnatiladi?

    – Joriy umra mavsumida birinchi navbatda pandemiyadan oldin, yaʼni 2020-yil fevral oyi oxiriga qadar umra ziyorati uchun toʻlovlarni amalga oshirib, safarga bora olmagan fuqarolar yuboriladi.

    — Umra toʻlovi qancha etib belgilandi?

    — Qayd etganimizdek, pandemiyadan oldin, yaʼni 2020-yil fevral oyiga qadar umra ziyorati uchun oxirgi belgilangan toʻlovlarni amalga oshirganlar qoʻshimcha ravishda 4.770.000 soʻm mablagʻ toʻlaydilar. Ushbu qoʻshimcha toʻlovni belgilashda, mehmonxonalarda ziyoratchilarning xonalarga, avtobuslarda oʻrindiqlarga joylashtirishda oraliq masofa hisobiga 50 foizgacha qisqartirilish, oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlangan holda tarqatish, oʻrnatilgan boshqa karantin tartib-qoidalarni taʼminlash, 15 foiz Saudiya QQS soligʻi kabi sarf-xarajatlar ham hisobga olingan. Shuningdek, Makka va Madina shaharlarida eng zamonaviy mehmonxonalar ziyoratchilarimizga xizmat qiladi.

    Mazkur toʻlovlarni amalga oshirishda ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida, “Aloqabank” ATning barcha filiallarida har kuni, hatto shanba va yakshanba kunlari ham qabul qilinadi.

    — Ziyoratchilar uchun qaysi vaksina bilan emlanish talab etiladi?

    — Umra safariga boruvchi fuqaro “COVID-19”ga qarshi “Astra-Zeneca”, “Moderna”, “Pfizer” yoki “Jonson & Jonson” vaksinalari bilan toʻliq emlanib, sertifikatga ega boʻlishi lozim. Talab qilingan vaksinalarni emas, balki “Sputnik V” va Oʻzbekiston-Xitoy kabi vaksinalar bilan toʻliq emlangan fuqarolar yuqorida sanalgan vaksinalarian biri bilan 1-marta emlanishi kifoya qiladi.

    — Saudiya Arabistonida umra amalini ado etish qilish uchun dastur orqali navbatga turish tartibi qanday?

    – Har bir ziyoratchida smartfon (Samsung, Ayfon yoki boshqa turdagi sensor) telefoni boʻlishi talab etiladi. Android telefon uchun “PlayMarket” va IOS mobil qurilma uchun “AppStore”dan “توكلنا” (“Tawakkalna”) va “اعتمرنا” – (“ Eatmarna”) elektron dasturlari yuklatilgan boʻlishi lozim. Mazkur dasturlar telefonda “geolokatsiya” va “internet” yoqilgandagina ishlaydi. Bu dasturlar ziyoratchi Saudiya Arabistoni davlat chegarasidan oʻtib, Madina shahrida tegishli maʼlumotlar bilan toʻldirilgandan keyingina ishga tushadi.

    Ziyoratchi Saudiyaga yetib borishi bilan Saudiya mobil aloqa operatori sim kartasini xarid qiladi va internet toʻplamini ishga tushiradi. Sim kartani aeroportda yoki Madina shahridagi mehmonxonada xarid qilish mumkin boʻladi.

    “Umra qilish mobil dasturi” ziyoratchiga 1-martagina umra amalini bajarishga va faqat 5 mahal namozga chiqishiga ruxsat berishi mumkin. Qayta umra qilish uchun “Tawakkalna” va “Eatmarna” orqali soʻrovnoma beriladi. Tizim ruxsat bergan muddatda “Oisha ona” – Tanʼiym masjididan ehromga kirib keyin yana umra amalini ado etishi mumkin.

    — Saudiya Arabistonida qanday karantin talablari oʻrnatilgan?

    – Saudiya Arabistoni hududiga umra ziyorati uchun kirayotgan xorijlik fuqaro talab etilgan vaksinalar bilan emlangan boʻlib, bu toʻgʻridagi sertifikatga va 48 soatlik PSR testiga ega boʻlishi, ziyoratchi oʻzi bilan 30 ta tibbiy niqob olishi (har 4 soatda almashtirish uchun) va Saudiya Arabistonida doimiy tibbiy niqobda yurishi va oraliq masofaga rioya qilinishi belgilangan. Taʼkidlash kerakki, tibbiy niqob taqmaganlik uchun 300 AQSH dollari miqdorida jarima belgilagan. Ziyoratchilar umra safari yakunida ona-Vatanga qaytishdan avval oʻz hisoblaridan Makka shahridagi mehmonxonada PSR test topshirishlari kerak boʻladi.

    — Umra safari uchun yangi navbatlar qayerda yoziladi?

    – 18 yoshdan katta boʻlgan Oʻzbekiston fuqarosi umra safariga borish uchun oʻzi roʻyxatda turgan mahalla fuqarolar yigʻiniga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan chiqib, umra safari uchun ochilgan maxsus daftarga roʻyxatga yoziladi va shu haqdagi maʼlumotnomani oladi. Ushbu daftar boʻyicha navbati kelgan fuqaroni MFY tuman-shaharga tavsiya beradi. Soʻng hududdagi poliklinikada tibbiy koʻrikdan oʻtadi. Natijalar yaxshi chiqsa, umra uchun belgilangan toʻlov summasini toʻlaydi. Shuningdek, xorijga chiqish pasporti, tibbiy koʻrikdan oʻtgani, vaksina olgani toʻgʻrisidagi maʼlumot va sertifikat va toʻlov qogʻozining nusxasini taqdim qiladi.