Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan irrigatsiya-melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Suv xoʻjaligi vaziri Sh. Hamrayevning axboroti eshitildi.
Parlament quyi palatasi deputati Muqaddas Tirkasheva suv xoʻjaligi vaziri Sh.Hamroyevning axboroti eshituvida asosiy daryolarimizga suv kelish prognozlari bilan qiziqdi.
— Darhaqiqat, 5 ta davlat suv limitlarini oʻzaro kelishadi. Oxirgi yigʻilishimiz Chimkentda boʻlib oʻtdi. Unda suv havzalaridagi suv holati muhokama qilindi. Bu yilgi yogʻingarchiliklar natijasida Amudaryo va Sirdaryo daryolarida suv hajmi yaxshi boʻlishi bashorat qilinyapti. Hozirgi holatda oʻtgan yilgi daraja kutilyapti. Koʻp yillik meʼyorlarga nisbatan esa Sirdaryoda 85-90 foiz, Amudaryoda 90-95 foizgacha suv boʻlishi bashorat qilinmoqda. Bugungi kunda suv omborlarimizda oʻtgan yilga nisbatan 1,5 milliard kub ortiqcha suv zaxirasi yaratilgan, — dedi vazir.
Shuningdek, vazir soʻnggi yillardagi ochiqlik siyosati natijasida qoʻshni davlatlar bilan koʻp masalalarda, jumladan, suv masalasida ham yaqin hamkorlikda ishlar olib borilayotganini taʼkidladi.
—Suv bizni dushman qilib emas, doʻst qilib, manfaatli hamkorlik qilishga, Xudoning bergan neʼmatidan samarali foydalanishga undaydi, — dedi Sh.Hamroyev.