Bugun 26 nafar fuqaroga “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni topshiriladi

    Salomatlik 14 Iyun 2021 1884

    Har yili 14-iyun Butunjahon donorlari kuni sifatida nishonlanadi. Maʼlumki, har kuni dunyo boʻyicha minglab insonlar donor qoniga ehtiyoj sezadi. Donorlik — odamlarga yaxshilik qilishning eng oddiy koʻrinishi boʻlib, ushbu begʻaraz, koʻngilli yordam qonga ehtiyoji bor insonlar uchun haqiqiy koʻmakdir.

    Qon bu hech narsa bilan almashtirishning imkoni yoʻq va sunʼiy ravishda ishlab chiqib boʻlmaydigan inson hayotidagi muhim neʼmat hisoblanadi. Shu boisdan mamlakatimizda donorlik tizimini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib kelinmoqda.

    Qon zaxirasini taʼminlashning yagona yoʻli sogʻlom kishilardir. Ayniqsa, hozirgi pandemiya vaqtida donorlar soni keskin kamayib, ogʻir bemorlarga donorlar qoni yana-da zarur boʻlmoqda.

    Donor qon topshirar ekan, kimningdir hayotini saqlabgina qolmay, oʻz sogʻligini saqlashga ham erishadi. Chunki muntazam tibbiy koʻrikdan oʻtib turish va qon tahlillarini topshirish, kishi salomatligi haqida maʼlumotga ega boʻlib borishiga xizmat qiladi. Hozirda dunyoning koʻplab davlatlarida qon zaxirasi koʻngilli donorlik hisobiga yigʻiladi.

    Sogʻlom kishi uchun qon topshirish, albatta, xavfsiz hisoblanadi. Chunki odam organizmida 4,5-5 litr qon boʻlib, undan 200 yoki 400 ml olinadi va organizm 36 soat ichida topshirilgan qon miqdorini tiklab olish xususiyatiga ega. Boz ustiga, bu muolaja qon tizimi ishini oʻziga xos ravishda ragʻbatlantiradi. Asosiysi, qon topshirisharterial gipertoniya xastaligining oldini olish va bartaraf etish, moddalar almashinuvini yaxshilashga xizmat qiladi.

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga koʻra, xavfsiz qon faqatgina begʻaraz donordan tayyorlanadi. Begʻaraz donorlikni aholi orasida rivojlantirish uchun mamlakatimizda koʻpgina ishlar amalga oshirilmoqda.

    JSST bu yilgi Butunjahon donorlari kunini butun dunyoda “Qon topshiring, dunyoda hayot davom etsin” shiori ostida oʻtkazishni taklif etgan. Bunda qon donorlari dunyoda kimningdir hayotini saqlashga va yana kimningdir hayoti mazmunini yaxshilashga qoʻshgan hissasi muhim ekanligi targʻib qilinadi.

    Bunday aksiyalar dunyo boʻylab koʻproq odamlarni muntazam ravishda qon topshirishga va shu bilan aholi sogʻligʻini yaxshilashga hissa qoʻshishga qaratilgan global daʼvatni kuchaytiradi. Koʻpgina mamlakatlarning yoshlari ixtiyoriy qon topshirish orqali xavfsiz qon taʼminotini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar va tashabbuslarda faol ishtirok etmoqdalar. Koʻplab mamlakatlarda aholining aksariyat qismini sogʻlom, gʻayratli va ijodiy kuchga toʻlgan yoshlar shakllantirganligi uchun bu yilgi aksiyalar yoshlarning jamiyatda tutgan avangardlik roliga qaratilgan.

    Dunyo boʻylab oʻtkaziladigan bu yilgi kampaniyaning maqsadlari:

    yoshlarni qon topshirishga qaratilgan insonparvarlik chaqirigʻiga javob berishga va boshqalarni shu yoʻlni tutishga undash;

    sogʻliqni saqlashni rivojlantirishda sherik sifatida yoshlar salohiyatini tan olish.

    Yurtimizda oʻz qonini kamida qirq marta yoki uning tarkibiy qismlaridan bir qismini kamida oltmish marta bepul topshirgan fuqarolar anʼanaviy tarzda “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan mukofotlanadi, deya xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.

    Bu yil ham respublikamizning barcha hududlarida doimiy, begʻaraz donorlarni va donorlar harakatini rivojlantirishda faol ishtirok etadigan tashkilotchilarni ragʻbatlantirish koʻzda tutilgan. Yaʼni 14-iyun — Butunjahon donorlar kuni mamlakatimiz boʻyicha 26 nafar fuqaroga “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni joylarda sanitariya-epedimiologiya talablariga rioya etgan holda topshiriladi.

    Qon topshirish insonning insonga hadya etgan eng oliy darajadagi sovgʻasidir. Hayot hadya etish — savob ishning eng oliy ifodasi ham sanaladi. Shunday ekan, savob ishni amalga oshirishga kechikmaylik.