Bugun har bir saylovchi o'z tanlovi, o'z ovozi uchun kurashadi

    O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuniga ham bir-necha kun qoldi. Xalqimiz shu yakshanba, 24 oktyabr kuni tarixiy tanlovni amalga oshiradi. Bu tanlov mamlakatimizning keyingi 5 yillik taraqqiyot bosqichini, xalqimiz turmushi to'kisligini, hayotimiz farovonligini belgilab beradi.

    Shu ma'noda, fuqarolarimiz muhim siyosiy jarayonga qizg'in hozirlik ko'rmoqda. Gap shu haqda ketganida, ta'kidlash joizki, bu galgi Prezident saylovi avvalgi saylovlardan tubdan farq qiladi. Xususan, saylovchi fuqarolarimizning siyosiy bilimi oshgan, yurtdoshlarimiz jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik tuyg'usi bilan yondashmoqda.

    Bu borada, ayniqsa, yoshlarimizning faolligini alohida e'tirof etish joiz. Buni O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabalari, bu yil ilk bor ovoz berayotgan yigit-qizlarimiz bilan suhbatlarda ham payqash mumkin.

    Ular prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi dasturi bilan yaxshi tanish. Har bir nomzodning tashqivot tadbirlarini jiddiy kuzatib bormoqda, shuningdek, nomzodlar ilgari surgan tashabbuslar, g'oyalar mazmun-mohiyatini qizg'in muhokama qilmoqda. SHuning o'ziyoq yoshlarimizning yurtimiz taraqqiyotiga daxldorlik hissi yuqoriligidan dalolat.

    Sir emas, bir vaqtlar fuqarolarimiz hatto o'z okrugidan saylangan deputatlarni yaxshi bilmas, saylovda esa oila a'zolari nomidan bir kishi borib ovoz berib kelardi. Bugun har bir saylovchi o'z tanlovi, o'z ovozi uchun kurashadigan zamon keldi. Bunga sabablar ko'p. O'zbekiston fuqarolari mamlakatdagi muhim siyosiy jarayonlarda ishtirok etmoqda. Qarorlar, qonunlar qabul qilish jarayonidagi muhokamalarda faollik ko'rsatmoqda. Pirovardida, oddiy fuqarolarimiz hayotida ham jiddiy o'zgarishlar, turmush madaniyatida sezilarli yuksalishlar ko'zga tashlanmoqda.

    Shunday ekan, yakshanba kuni bo'lib o'tadigan Prezident saylovida har birimiz shaxsan ovoz berishimiz, shu orqali o'z hayotimiz, mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo'shishimiz kerak.

    Bektosh RAHMATOV,

    O'zDJTSU Taekvondo, karate nazariyasi

    va uslubiyati kafedrasi mudiri v.b.