Bugun harbiy boʻlinmalarining Toshkent koʻchalari boʻylab tantanali yurishi boʻlib oʻtadi

    8-may kuni Toshkent shahrining asosiy koʻchalarida Mudofaa vazirligi qoʻshinlari harbiy boʻlinmalarining namoyishkorona piyoda yurishlari tashkil etiladi. Piyoda yurish soat 14:00 da Gʻalaba bogʻi majmuasidan boshlanadi.

    8-may kuni Mudofaa vazirligi harbiy boʻlinmalarining Toshkent koʻchalari boʻylab tantanali yurishi boʻlib oʻtadi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar qildi.

    Tadbirdan koʻzlangan maqsad — Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaga hissa qoʻshgan barcha urush va front orti mehnat faxriylariga yuksak hurmat-ehtirom koʻrsatish, yurt himoyachilarining Vatanga sadoqatini namoyish etish hamda aholi, ayniqsa, yoshlarda faxr va iftixor tuygʻularini oshirishga qaratilgan, deyiladi xabarda.

    Harbiy xizmatchilar harakatlanish yoʻnalishi quyidacha tashkil etiladi: Gʻalaba bogʻi yodgorlik majmuasi (Sagʻbon va Zarqaynar koʻchalari orqali) — Chorsu bozori — Toshkent sirki (Zarqaynar koʻchasi) — Xalqlar doʻstligi sanʼat saroyi (Oʻzbekiston shoh koʻchasi va Furqat koʻchasi) — Magic City parki (Furqat koʻchasi).

    Harbiy xizmatchilar yurish paytida toʻxtaydigan Magic City parkida harbiylar va orkestrning koʻrgazmali chiqishlari boʻladi.

    Piyoda yurish soat 14:00 da Gʻalaba bogʻi majmuasidan boshlanadi.