Mamlakatimizda 78 ta OIV diagnostika laboratoriyasi faoliyat olib boryapti

    Sayyoramizda har yili 1-dekabr sanasi “Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni” sifatida nishonlanib, bu davrda xastalikning oldini olish boʻyicha targʻibot ishlari yanada kuchaytiriladi.

    Tahlillarga koʻra, infeksiya 75 foizdan ortiq holatlarda 25-49 yoshli kishilar oʻrtasida uchramoqda. Kasallik profilaktikasi va unga qarshi kurashish tadbirlarini rejalashtirish hamda amalga oshirishda uning yuqish omillarini aniqlash muhim hisoblanadi.

    Soʻnggi yillarda butun dunyoda OITSning jinsiy yoʻl bilan yuqish darajasi ortib bormoqda. Bu holat, afsuski, mamlakatimizda ham kuzatilyapti. Masalan, oʻtgan yili roʻyxatga olingan bemorlarning 74,3 foiziga kasallik jinsiy aloqa yoʻli orqali yuqqanligi gumon qilingan.

    — JSST tomonidan bemorlarni virusga qarshi davolash kasallikning bosqichidan qatʼiy nazar, u aniqlangan kundan boshlanishi zarurligi tavsiya etiladi, — deydi Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori oʻrinbosari Gulifor Normuratova. — Yurtimizda OIV infeksiyali bemorlarning 79 foizi antiretrovirus muolajalar bilan qamrab olingan. Ular uchun zarur preparatlar xarajatlarining qariyb 80 foizi Davlat byudjeti mablagʻlari, qolgan 20 foizi esa xalqaro fondlar hisobidan qoplanmoqda.

    Bundan tashqari, mamlakatimizda OIV infeksiyali onalardan tugʻilgan chaqaloqlarni 6 oylik boʻlgunga qadar sunʼiy sut aralashmalari bilan taʼminlash masalasi 2023-yilgacha hal etilgan.

    Ayni paytda mazkur yoʻnalishdagi chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish va sohani takomillashtirish maqsadida alohida Davlat dasturi loyihasi tayyorlangan.

    Unga muvofiq, kelgusi yildan boshlab sunʼiy sut aralashmalarini xarid qilish, bemorlarni antiretrovirus dori vositalari bilan kasallik aniqlangan zahoti qamrab olish hamda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash koʻzda tutilgan.

    Umuman, hozirgi kunda mamlakatimizda 78 ta OIV diagnostika laboratoriyasi faoliyat olib boryapti. Ulardan 15 tasi OITSga qarshi kurash markazlaridagi laboratoriya komplekslari boʻlsa, 63 tasi tumanlararo laboratoriyalardir.