Bu borada 2017-yil 3-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida»gi qonuni hamda 2019-yil 27-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni imzolandi. Mazkur hujjat korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish, eng yuqori darajadagi qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy obroʻ-eʼtiborini oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatli boʻldi. Mamlakatimizda korrupsiya koʻrinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish boʻyicha bugun davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazida Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Markaziy apparati bilan hamkorlikda Akademiya kursantlari oʻrtasida “Yorqin kelajagimiz uchun korrupsiyaga qarshimiz!” mavzusida oʻtkazilgan insholar tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi hamda “Bugun korrupsiyaning oldini olmasak, ertaga kech boʻladi!” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Ushbu davra suhbatini oʻtkazishdan maqsad – davlat organlari va tashkilotlarning masʼul xodimlari tomonidan ishga qabul qilinganidan hamda muayyan vaqt oʻtganidan soʻng kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya etish, yoshlarda korrupsiyaga qarshi kurashish faol dunyoqarash va mustahkam fuqarolik nuqtayi nazarini shakllantiradigan chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida ijtimoiy tadbirlarga yoshlarni keng jalb qilish, yoshlar oʻrtasida korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida respublika miqyosida tanlovlar va musobaqalar oʻtkazishga qaratilgan masalalarni muhokama qilishdan iborat.
Tadbirni Akademiya boshligʻining oʻrinbosari polkovnik Abduazim Ahmadxodjayev kirish soʻzi bilan ochdi.
Tadbir davomida mehmonlar tomonidan ishtirokchilarga mavzuga doir videolavhalar namoyish etildi. Korrupsiya holatlarining yuzaga kelishiga imkoniyat yaratadigan bugungi mavjud muammolar va ularning yechimlari toʻgʻrisida fikr-mulohazalar almashindi.
Tadbir yakunida Akademiya kursantlari oʻrtasida “Yorqin kelajagimiz uchun korrupsiyaga qarshimiz!” mavzusida oʻtkazilgan insholar tanlovi gʻoliblari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Farhodjon XOJAYEV,
Akademiya katta
oʻqituvchisi, kapitan