Har yili Xalqaro olimpiya qoʻmitasiga aʼzo boʻlgan 205 davlatda ushbu sanaga bagʻishlangan sport va goʻzallik bayramlarida millionlab insonlar ishtirok etishadi. Aholi orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish orqali jismoniy tarbiya va sportga boʻlgan mehrni yana-da yuksaltirishga xizmat qilayotgan “Olimpiya kuni” mamlakatimizda keng nishonlanishi anʼanaga aylangan
Koronavirus sabab bu yilgi sport tadbirlari mamlakatimizda oʻzgacha tarzda oʻtkazilmoqda. Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasi tomonidan 20-iyundan pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda katta onlayn muloqot bilan boshlangan tadbirlarda nomdor sportchilar, mutaxassislar va murabbiylar, sanʼat olami vakillari bir-birlarini “Olimpiya kuni” bilan qutlashdi. Jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish inson salomatligi uchun ne chogʻli foydali ekani yana bir karra taʼkidlab oʻtildi.
Tadbir davomida “Virtual yugurish musobaqasi”ga start berildi va bugungi kunga qadar mazkur onlayn musobaqada 500 ga yaqin yurtdoshlarimiz ishtirok etishdi. Taʼkidlash lozimki, mazkur loyihada mamlakatimizdan yetishib chiqqan jahon sportining yorqin vakillarining ishtirok etishi unga boʻlgan qiziqishni yana-da oshirdi.
Qolaversa, ushbu sanaga bagʻishlab hududlarda yengil atletika, tosh kutarish, karate, taekvondo, velosport, kamondan oʻq otish, eshkak eshish yoʻnalishlari boʻyicha onlayn musobaqalar tashkil qilinmoqda. Bu esa musobaqalarga chanqoq yoshlarning ruhiyatini oshirishga, mahoratli sportchilar yetishib chiqishiga, qolaversa aholi orasida sogʻlom turmush tarzini yana-da rivojlantirishga turtki boʻlmoqda.