Bugun oʻzbek futboli afsonasi Mirjalol Qosimov 50 yoshga toʻldi

    Sport 17 Sentabr 2020 1352

    Bugun oʻzbek futbolining tirik afsonasi, ishqibozlar hamda sport jurnalistlari oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomaga koʻra, Oʻzbekistonning XX asrdagi eng yaxshi futbolchilari uchligidan joy olgan maestro, oʻsmirlar oʻrtasida jahon va Yevropa chempioni, XII Osiyo oʻyinlari gʻolibi Mirjalol Qosimov 50 yoshga toʻldi.

    Mirjalol Qosimov futbol sirlarini “Chigʻatoy”dagi futbol mahorati maktabida, mohir murabbiy Yuriy Gospadarchuk qoʻl ostida oʻzlashtirdi. Yoshligidanoq maydonni yaxshi koʻra olishi, yetakchilik xususiyatiga ega ekanligi, jarima va burchak toʻplarini mohir ijro etishi bilan u mutaxassislar nazariga tushdi. Natijada uni sobiq Ittifoq oʻsmirlar terma jamoasiga jalb qilishdi. U bu jamoa safida Yevropa, keyinchalik jahon chempionligini qoʻlga kiritdi.

    Oʻsha paytlarda Oʻzbekistonning bosh jamoasi hisoblangan “Paxtakor”dagi debyutini ancha erta – 17 yoshidayoq nishonladi. Qahramonimiz qisqa muddat ichida tarkibida Andrey Pyatniskiy, Vasiliy Postnov, Mustafo Bilolov, Marat Kabayev, Oleg Sinelobov singari mohir futbolchilar jamlangan jamoada yoʻqolib qolmadi, aksincha asosiy tarkibdan oʻzining munosib oʻrnini topdi.

    1992-yilda Mirjalol Qosimov mahoratini yana-da oshirish maqsadida Rossiyaga yoʻl oldi va Vladikavkazning “Spartak-Alaniya” jamoasi safida Rossiya chempionatining kumush medaliga sazovor boʻldi. 1995-yilda esa aynan Mirjalolning saʼy-harakatlari natijasida vladikavkazliklar Rossiya chempionligini ham qoʻlga kiritishdi.

    Qahramonimiz faoliyati davomida “Paxtakor” jamoasi tarkibida 3 bora Oʻzbekiston chempioni, 4 karra Oʻzbekiston kubogi sohibi, yana 4 marotaba mamlakatimizning “Eng yaxshi futbolchisi”, degan sharafli nomlarga sazovor boʻldi.

    M.Qosimov murabbiy sifatida ham oʻzbek futbol maktabining oʻziga xos qirralarini kashf etib, yangidan-yangi iqtidorli futbolchilarni tarbiyalab kelmoqda. Trener sifatida u “Bunyodkor” jamoasi bilan Oʻzbekiston chempionati va kubogi bahslarida 3-martadan zafar quchdi.

    Mirjalol Qoʻshoqovichning mamlakatimizda millionlar oʻyini sanalmish futbolni yana-da rivojlantirishga qoʻshgan hissasi hukumatimiz tomonidan munosib eʼtirof etib kelinmoqda. U shu kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi unvoni, “Shuhrat” medali, “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan murabbiy, “Fidokorona xizmatlari uchun” hamda “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlangan.

    Jismoniy tarbiya va sport vazirligi keng sport jamoatchiligi nomidan Mirjalol Qoʻshoqovich Qosimovni bugungi tavallud ayyomi bilan samimiy muborakbod etadi va kelgusi faoliyatida ham ulkan zafarlar yor boʻlishini tilaydi.

    Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
    Matbuot xizmati