Bugun Oʻzbekiston Milliy valyutasi – soʻm muomalaga kiritilgan kun 

    Bilasizmi? 1 Iyul 2020 27718

    1994-yilning 1-iyul sanasi milliy valyuta — soʻm muomalaga kiritilgan kun.

    Milliy valyuta tizimi bir qator bosqichlarni bosib oʻtgan. Markaziy bank tomonidan 1991-1993-yillar davomida milliy valyutani muomalaga kiritish uchun juda koʻp izlanishlar olib borildi, xorijiy mamlakatlar tajribasi oʻrganildi.

    1993-yilning 15-noyabridan boshlab toʻlov vositasi sifatida “Soʻm-kupon” muomalaga kiritildi. Pul islohotini amalga oshirish borasida maʼlum tajribaga ega boʻlish uchun “Soʻm-kupon” oʻtish valyutasi sifatida xizmat qildi.

    Ushbu yoʻnalishda yetarli tajriba toʻplangach, 1994-yil 1-iyuldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasi “soʻm” muomalaga kiritildi.

    Dastlabki muomalaga chiqarilgan banknot va tangalar xorijiy davlatlarda tayyorlangan. 1995-1996-yillarda banknot va tangalarni tayyorlashning toʻliq siklini joriy etish maqsadida Markaziy bank qoshida “Davlat belgisi” korxonasi va uning tarkibida Qogʻoz fabrikasi, Bosma fabrika va Zarbxona tashkil etildi va oʻzimizda “pul ishlab chiqarish” yoʻlga qoʻyildi. Bu korxona hozirda “Davlat belgisi” DUK deb yuritiladi.

    Milliy valyutamiz – soʻm mamlakatda mustaqil pul-kredit siyosatini yuritish, iqtisodiyotda hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatini yaratdi. Ish haqi va ijtimoiy toʻlovlar soʻmda toʻlana boshladi. Shu tariqa davlatning iqtisodiy mustaqilligini taʼminlovchi mustaqil pul-kredit siyosati shakllantirildi.