Bugun Qatarda oʻtayotgan mundial guruh bosqichidan oʻrin olgan soʻnggi oʻyinlar oʻtkaziladi

    Bugun, 2-dekabr kuni Qatarda boʻlib oʻtayotgan jahon chempionati guruh bosqichining oxirgi 4 uchrashuvi boʻlib oʻtadi.

    Jumladan, Toshkent vaqti bilan 20:00 da Gana – Urugvay hamda bunga parallel ravishda Janubiy Koreya – Portugaliya qarama-qarshiligidagi oʻyinlar start oladi. 23:59 da esa Kamerun – Braziliya va Serbiya – Shveysariya juftliklari oʻzaro kuch sinashadi.

    Eslatib oʻtamiz, ayni paytga qadar “A” guruhidan Niderlandiya va Senegal, “B” guruhidan Angliya hamda AQSH, “S” guruhidan Argentina va Polsha, “D” guruhidan Fransiya va Avstraliya, “E” guruhidan Yaponiya va Ispaniya, “F” guruhidan esa Marokash hamda Xorvatiya 1/8 finalga chiqdi.

    Shuningdek, bugun maydonga tushadigan ikki jamoa – Braziliya va Portugaliya ham pley-off masalasini oʻtgan turda hal qilib qoʻygan.

    Bugun yakuniga yetayotgan 3-tur bosqichining eng muhim jihatlaridan biri – ushbu turda butun mundial davomida eng koʻp medallarga ega chiqqan Germaniya terma jamoasi garchi gʻalabaga erishgan boʻlsada, pley-off bosqichiga chiqa olmadi. Yana bir yulduzli jamoa – Belgiya ham mundialni tark etdi. Demak, 1/8 final bosqichini ushbu terma jamoalar ishtirokisiz kuzatamiz.