Bugun taniqli jurnalist ustoz Abdusaid Koʻchimovning tavallud kuni

    Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist, taniqli yozuvchi va shoir Abdusaid Koʻchimov 1951-yil 15-may kuni Urgut tumanida tugʻilgan.

    1972-yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining oʻzbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan.

    Mehnat faoliyatini “Oʻqituvchi” nashriyotidan boshlagan. Keyinchalik “Lenin uchquni” gazetasida, “Sharq yulduzi” jurnalida, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi va boshqa qator masʼul lavozimlarda ishlagan.

    Yigirmaga yaqin sheʼriy va nasriy kitoblari chop etilgan.

    2017-yildan Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori lavozimida ishlab kelmoqda.

    “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist” unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni hamda “Shuhrat” medali, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

    “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari jamoasi ustoz jurnalist Abdusaid Koʻchimovni tavallud kuni bilan chin dildan muborakbod etib, uzoq umr, mustahkam salomatlik, oilaviy farovonlik, ulkan ijodiy yutuqlar tilaymiz.

    Ustoz jurnalistni qutlugʻ yoshi bilan qutlaymiz.