Bugun “Toshkent yoshlar forumi – 2020”ga start berildi

    18-21 dekabr` kunlari Toshkent shahar hokimligi tomonidan YOshlar ishlari agentligi va O'zbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida poytaxtda ilk marotaba “Toshkent yoshlar forumi – 2020” o'tkazilmoqda.

    “Toshkent yoshlar forumi — 2020”da hukumat a'zolari bilan yoshlarning uchrashuvi tashkil qilinib, o'zaro ochiq muloqotga kirishmoqda. Forum yoshlarning taklif va istaklarini o'rganish, muammolarini hal etishga ko'maklashish yuzasidan chora-tadbirlar belgilash, uyushmagan yoshlarni kasb-hunarga o'rgatish va ish bilan ta'minlash, yoshlarni madaniyat, san'at, kitobxonlik, axborot texnologiyalari to'garaklari hamda sport va harbiy-vatanparvarlik yo'nalishidagi tadbirlarga jalb etish maqsadini o'zida mujassam etgan. Forum davomida O'zbekistondagi turli soha va tarmoqlar taraqqiyoti 10 yildan keyin qanday bo'lishi muhokama etiladi, mavzuga doir taqdimotlar o'tkaziladi. Bugungi harakatlarning natijadorligi, samaradorligi masalalari xususida fikr almashiladi.

    Jumladan, 19 dekabr` kuni “Tashkent City”ning Kongress xoll majmuasida 2021 yilda Toshkent shahrida yoshlar yo'nalishida amalga oshiriladigan yirik loyihalar, “YOshlar va gender tengligi” mavzusida yosh kinoijodkorlarning taqdimoti o'tkaziladi.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov hamda O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Akmal Jumaboev bilan “Globallashuv davrida yoshlar migratsiyasi” mavzusida yoshlarning ochiq muloqoti, “Ijtimoiy soha-2030: ta'lim va sog'liqni saqlash tizimi istiqbollari”, “Toshkentning madaniy va turistik qiyofasi — 2030”, “Raqamli Toshkent — 2030” kabi qator tadbirlar yoshlar hayotida yorqin iz qoldirishi shubhasiz.

    SHuningdek, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo'jaev tomonidan “2021 yilda poytaxtdagi yoshlar hayoti” mavzusida taqdimot o'tkazilishi ko'zda tutilgan.