Bugun Toshkentda shaxmat boʻyicha xalqaro turnir boshlanadi

    Bugun, 27-mart kuni poytaxtimiz Toshkent shahrida shaxmat boʻyicha XVII jahon chempioni Rustam Qosimjonov xalqaro turniri boshlanadi.

    Mukofot jamgʻarmasi 70 ming dollardan iborat mazkur turnirda ishtirok etish uchun 9 davlatning 20 nafarga yaqin kuchli shaxmatchilari Toshkentda jam boʻlishdi. Turnir 9 turdan iborat boʻlib, musobaqalar “Chellenjer” va “Masters” guruhlarida tashkil etiladi.

    “Masters” guruhida Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Jahongir Vohidov singari yosh va isteʼdodli grossmeysterlarimiz qatori jahon shaxmatida oʻz oʻrniga ega boʻlgan ozarbayjonlik Shaxriyar Mamedyarov, niderlandiyalik Jorden van Forest, eronlik Parxam Magsudlu qatnashayotganligi, ular safida nomdor shaxmatchimiz Rustam Qosimjonov ham gʻoliblik uchun kurash olib borishi xalqaro turnirning nechogʻlik shiddatli oʻtishini anglatadi.

    “Chellenjer”guruhida esa yurtimizning 5 nafar iqtidorli yosh shaxmatchisi hamda Germaniya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlarning yana 5 nafar shaxmatchisi qatnashadi.

    Musobaqalar 30-martga qadar davom etadi.