Toshkentda yonib ketgan uy bo‘yicha ma’lumot berildi

    Bugun, 18-avgust kuni ertalab Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birining 5-qavatida joylashgan xonadon yonib ketdi.

    Favqulodda vaziyatlar vazirligi voqea tafsilotlarini ochiqladi.

    Ta’kidlanishicha, bugun ertalab 9:40 da shahar FVB ga yong‘in to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

    Shunga ko‘ra, 3 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 09:45 da voqea joyiga yetib borgan. Soat 09:56 da yong‘in qurshab olingan va 09:58 da batamom o‘chirilgan.

    Yong‘in natijasida xonadonning ayvon (balkon) qismining taxminan 18-20 kv.m maydonida ichki, shift qismi va uy jihozlari yonib zararlangan. Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari natijasida yong‘inning qo‘shni xonadonlarga o‘tib ketishi oldi olingan.

    Yong‘in oqibatida tan jarohati olgan yoki halok bo‘lgan fuqarolar yo‘q.

    Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

    "Yuqoridagi kabi ko‘ngilsiz vaziyatlarning oldini olish maqsadida, Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolardan yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etishni so‘rab qoladi", deyiladi xabarda.