Unda ushbu sohada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratilgan.

2000-yilda Xalqaro veterinariya assotsiatsiyasi va Xalqaro hayvonlar sogʻligʻini saqlash tashkilotining tashabbusi bilan har yili aprel oyining oxirgi shanbasi “Xalqaro veterinariya kuni” deb belgilanishi haqida qaror qabul qilingan edi.

Har yili ushbu kun juda koʻp davlatlarda bayram sifatida nishonlanadi. Jumladan, mamlakatimizda ham.

Veterinariya sohasi hayvonlar sogʻligʻini saqlash bilan birga aholini inson va hayvonlar uchun umumiy boʻlgan kasalliklardan muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega. Butunjahon veterinarlari tomonidan hayvonlar sogʻligʻini saqlash borasida olib borilayotgan ishlarning pirovardida inson salomatligi diqqat eʼtiborda boʻlmoqda.

Oziq-ovqat mahsulotlarining aholiga yetkazib berilishida xoʻjalikdan dasturxongacha boʻlgan davrda veterinar asosiy oʻrinni egallaydi. Va bu jarayonni soha fidoyilarisiz tasavvur etib boʻlmaydi.

Sir emas, bugungi kunda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi mamlakatimizda veterinariya, chorvachilik va naslchilik sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat organi sifatida faoliyat olib bormoqda. Natijada qoʻmita tomonidan hayvonlar orasida kasallik kelib chiqishining oldini olish maqsadida chorva mollarini yuqumli kasalliklarga emlash darajasi 2016-yilga nisbatan 46 foizga oshirildi. Kasalliklarning kelib chiqish holatlarining keskin kamayishiga va respublika hududida hayvonlarning oʻta xavfli yuqumli kasalliklar boʻyicha epizootik barqarorlik taʼminlanishiga erishildi.

Shuningdek, qoʻmita tomonidan Butunjahon hayvonlar sogʻligini himoya qilish tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan muntazam hamkorlik oʻrnatildi.

Joylardagi profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish va davlat veterinariya xizmati moddiy texnika bazasini mustahkamlash maqsadida hududiy veterinariya boʻlimlari va uchastkalari 545 dona mototsikl, skuter va velosiped hamda 139 dona avtotransport vositalari bilan taʼminlandi.

Bularning barchasi davlatimiz rahbarining boshqa sohalar qatori veterinariya va chorvachilik sohasiga katta eʼtibor berayotganligidan dalolatdir.

Biz ayni sinov damlarida yana-da faol, fidoyi boʻlishimiz, mamlakatimizda veterinar osoyishtalikni taʼminlash, chorvachilikning barcha tarmoqlarini yana-da rivojlantirish, hayvonlar naslini yaxshilash va bu orqali xalqimiz isteʼmoli uchun yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini taʼminlash yoʻlida bor bilim va tajribamizni safarbar etishimiz zarur!