Bugun Xo'jandda katta futbol

    Ikki jamoa ham g'alabadan umidvor

    Bugun Toshkent vaqti bilan soat 15.30da Tojikistonning Xo'jand shahrida OFK kubogi pley-off bahsi doirasidagi “Xo'jand” – “So'g'diyona” Jizzax bahsi boshlanadi.

    O'yindan avval o'tkazilgan matbuot anjumanida ikki jamoa murabbiylari jurnalistlarning savollariga javob berishdi.

    “O'zbekiston Superligasida so'nggi o'yinimizni g'alaba bilan yakunladik. Futbolchilarimizning kayfiyati a'lo. ertangi o'yinga tayyormiz.

    “Xo'jand” yosh va tajribali futbolchilardan tashkil topgan. SHuningdek, jamoa o'z uyida o'ynaydi. Biz maksimal darajada harakat qilib, keyingi bosqichga chiqishga urinamiz...

    Ko'p sonli muxlislar o'yinni penal`tilar seriyasigacha borishini xohlashadi. Lekin bu, futbolchilar va murabbiylar uchun qiyin vaziyat. Ammo seriyaga ham tayyormiz”, dedi “So'g'diyona” bosh murabbiyi Ulug'bek Baqoev.

    “Xo'jand” klubi bosh murabbiyi Rustam Xo'jaevning raqib haqidagi fikrlari quyidagicha:

    “Raqib jamoa haqida yaxshi tasavvurga egamiz, ularni o'rgandik. Ammo hozirda ko'proq o'z o'yinimiz haqida o'ylayapmiz. Fikrimcha, bahsga puxta tayyorgarlik ko'rdik. Umid qilamanki, o'yinda muxlislarni xursand qila olamiz.

    “So'g'diyona” OFK kubogida guruh bosqichdagi biz qarshi o'ynagan raqiblarimizdan har tomonlama kuchli. Raqibning kuchli yoki kuchsiz jihatlari haqida bu erda gapirishim to'g'ri bo'lmaydi. Buni futbolchilarimga tushuntirganim ma'qul. “So'g'diyona”ga qarshi qanday o'ynashni bilamiz.

    Ertaga muxlislarimiz uchun o'ynaymiz va ularning qo'llab-quvvatlashlariga umid qilamiz”.