Bugundan 1-sinfga onlayn qabul boshlandi

    Oʻzbekistonda 1-sinfga onlayn qabul elektron tizimi 12:00 da ishga tushirildi.

    Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

    ”2024-2025-oʻquv yilida farzandingizni umumtaʼlim maktabining 1-sinfiga joylashtirish uchun my.maktab.uz elektron platformasi orqali roʻyxatdan oʻtib, ariza topshirishingiz mumkin. Shuni eslatib oʻtish joizki, dastlab joriy yilning 20-iyun sanasidan 31-iyuliga qadar faqat mikrohudud doirasida arizalar qabul qilinadi”, — deyiladi xabarda.

    Qabul jarayonlari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlarni @mymaktab_uz telegram kanali yoki 71 203-07-04 telefon raqami orqali olish mumkin.