Bugungi islohot – istiqbolga hisobot

    Ta'lim 7 Iyul 2020 1867

    Taʼlimning tayanch kuchi ilmiy-pedagogik jamoaning majburiyati va masʼuliyatiga bogʻliq. Shunday ekan, pandemiya pand berishiga qaramasdan, mavjud vaziyat va imkoniyatdan kelib chiqqan holda, ish tutish davr talabi. Har qanday holatda, har qanday sharoitda ham taʼlimga eʼtibor aslo susaymasligini Prezidentimiz qayta-qayta uqtirgani hammamizning diqqat-eʼtiborimizda. Shuning uchun ham bir soniya boʻlsa-da, taʼlimga eʼtibor pasayishi mumkin emas.

    Xoʻsh, taʼlim sohasidagi islohotlarga Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining yondashuvi qay yoʻsinda? 2020-yilning 7 - iyul kuni soat 11:00 da “Bugungi kunda Ogohlik - davr talabi” mavzusidagi onlayn muloqotda ana shu masalalar xususida soʻz bordi .

    Unda taʼlim muassasamizning deyarlik barcha jamoasi, prorektorlar, rektorat jamoasi, Ilmiy Kengash aʼzolari, barcha fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, professor-oʻqituvchilar, doktorantlar, institutning barcha boʻlimlar xodimlari hamda ishlar boshqarmasi xodimlari, jami 400 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi.

    Onlayn muloqotga institut yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektor Roʻzimurat Choriyev moderatorlik qilarkan, muloqotning maqsad-mohiyati haqida maʼlumot bera turib dastlabki mulohazalarni bildirishlari uchun institut rektori, professor Oʻktam Umurzoqovga yuzlandilar.

    Institut rektori jamiyatimizda, xususan, oliy taʼlim tizimida hanuz uchrayotgan illat boʻlmish korrupsiya va uning oldini olish borasidagi oʻz fikrlarini oʻrtoqlashdilar.

    Muhtaram Prezidentimizning 2019-yil 27-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va undagi “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirilishi haqidagi harakatlar borasida soʻz yuritdilar. Birinchi navbatda oliy taʼlim tizimini rivojlantirish Konsepsiyasida koʻzda tutilgan taʼlim sifatini va mazmundorligini oshirish hamda korrupsion harakatlarga mutlaqo chek qoʻyish zarur. Taassufki, MDH davlatlarining taʼlim tizimi hanuzgacha bu balodan qutula olmayapti. Respublika oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi boʻlib bizning institut Uzreport telekanali va HUAWEI kompaniyasi bilan hamkorlikda professor-oʻqituvchilar maʼruzalarini ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali talabalar eʼtiboriga yetkazish ishlarini amalga oshirgani taʼlim tizimiga eʼtiborimiz yuqori darajada ekanini bildiradi. Barcha imkoniyatlar safarbar qilinib, masofaviy taʼlim yoʻlga quyildi.

    Kuni kecha 4-iyul kuni Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inomjon Majidov rahbarligida OTMlarda qabul jarayonlarining borishi masalalariga bagʻishlab videokonferensiya tarzida oʻtkazilgan yigʻilish tanqidiy ruhda oʻtdi. Unda oxirgi paytlarda OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilik eʼtiboriga yetkazilgan oliy taʼlim muassasalari (NamDU, SamDAQI, BuxMTI, Nukus DPI, SamDU, TDOʻTAU, OʻzDJTSU) xodimlari tomonidan sodir etilgan korrupsiyaviy holatlar tanqidiy muhokama qilindi. Bu masalada rektorlar, taʼlim muassasasidagi maʼnaviy-axloqiy muhit uchun masʼul boʻlgan prorektorlar faoliyatiga salbiy baho berildi.

    Soʻngra rektor yuqoridagi illat, yaʼni korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari oxirgi uch yildan buyon keng qamrovda amalga oshirilayotgan boʻlsa ham “Bugungi kunda Ogohlik-davr talabi” ekanini eʼtirof etib barchani qatʼiy ogohlantirdilar. Oʻrinsiz harakatni, insonni sharmanda boʻlishiga sabab boʻluvchi illatni umuman MIYAdan, XAYOLdan, TASSAVURdan ham chiqarib tashlasak, shaffoflik, xolislik va obyektivlikni taʼminlagan boʻlamiz, dedilar.

    Barcha qilingan samaradorlik koʻrsatkichlarini biron bir nomaʼqul xatti-harakat yoki muloqot bilan yoʻqqa chiqarishda sababchi boʻlib qolmaslikka chaqirib, qonunga rioya etish hammaning qatʼiy belgilangan burchi ekanini eslatib oʻtdi.

    Soʻngra institutga 2020-2021 oʻquv yilida abituriyentlarni qabul qilish boʻyicha Qabul komissiyasi ishiga toʻxtalib, qilinayotgan ishlar koʻngildagidek emasligini taʼkidladilar. Soʻzlarining yakunida davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan islohotlarga hissa qoʻshish sizning va bizning asosiy burchimiz sanaladi, deya uqtirdilar.

    Keyin mavzu yuzasidan oʻz mulohazalarini bildirish uchun professor Altiyev Abdurashid Sultonovich navbat oldilar. Ular korrupsiya har qanday sohaga putur yetkazishi mumkinligini aytib, hatto bu masalalarni hokimlik tizimiga, ayrim davlat organlariga borib bogʻlanayotgani haqida kuyinib gapirdilar. Korrupsiyaga qarshi agentlik tashkil qilingani oʻrinli boʻlgani, endilikda bunda xatti-harakatlarning ildiziga bolta urilishi haqida gapirdilar. Chunki bu holat oyoqqa kishandek, taraqqiyotga toʻsiq boʻlyapti dedilar. Qonun buzilishlariga yoʻl qoʻyib bilib bilmasdan qilingan ish taʼlimga xiyonat ekanini taʼkidlab oʻtdilar.

    Soʻngra akademik Mirziyod Mirsaidov kuni kecha televizor orqali namoyish etilgan Samarqandda diplom sotish bilan shugʻullanib jamoasi oldida mulzam boʻlganlarning fojiasidan saboq olish, toʻgʻri xulosa chiqazish kerakligini eʼtirof etdi. Institutning mavqeyi kundan kunga oshib, jahonga yuz tutib borayotgan bir paytdagi nomaʼqul harakat hammamizning yuzimizga dogʻ tushirishi mumkinligini kuyinib gapirdilar. Chunki, yaqin orada Jahon miqyosidagi 1000 talikka kirishimiz muqarrar boʻlgan paytda yuzimiz yorugʻ boʻlishi kerak.

    Institutimizning Buxoro filiali direktori Nusrat Murodov boʻlayotgan tadbir va onlayn muloqotlardan tegishli xulosalar chiqarayotgani, bu yilgi Qabulni yorugʻ yuz bilan shaffof tarzda oʻtkazishga soʻz berib, har bir jarayonni oʻzi shaxsan nazorat qilib borayotganini taʼkidladi.

    Rektor unga javoban ijtimoiy tarmoqda biron bir noxush gap tarqalsa, albatta munosabat bildirib, ular uzrini aytishni talab etish odillik va xolislik belgisidir deya ilova qildilar.

    Muloqot davomida qabul komissiyasining masʼul kotibi Alisher Fathullayev qabul jarayonida olib borilayotgan faoliyatga izoh berib oʻtdi.

    Magistr Sanjar Baydillayev taʼlim tizimidagi zaruriy talablarni amalga oshirishdagi muammolarga toʻxtaldi. Professor Uchqun Xolmatovich Neʼmatov “pora olganni yuzini koʻrsatmasdan TV orqali namoyish qilish oʻrinsiz ekanini, imkon boʻlsa ochiqdan-ochiq basharasini koʻrsatib, lozim boʻlsa mahallalarida ham rasmlarini ilib qoʻyish kerak, shundagina firibgarlikning oldi bir muncha olingan boʻlardi”,- dedi.

    Rektorimiz fikr bildirganlarni mulohazalarini maʼqullash asnosida pandemiya xavfi hali tugamagani, uning ikkinchi toʻlqini kirib kelmasidan, barcha gigiyena qoidalariga rioya etish lozimligini yana bir bor eslatdilar. R. Choriyev institut xodimi uydami, toʻydami, koʻcha koʻydami, qayerda boʻlmasin, ibratli boʻlishi, namunaviy axloqqa ega boʻlmogʻi kerakligini taʼkidlab tadbirga yakun yasadilar.

    Shuni unutmaslik kerakki, bugungi ijobiy harakat ertangi ijodiy barakat belgisidir.

    Institut matbuot xizmati.