Toshkent viloyati adliya boshqarmasiga “Obod taʼmir” masʼuliyati cheklangan jamiyatdan murojaat kelib tushdi. Unda viloyat hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” DUK MCHJsi bajarilgan ishlar uchun 562,7 million soʻm pulni toʻlab bermayotgani aytilgan. Murojaatni oʻrganish jarayonida chindan ham mablagʻ toʻlab berilmagani maʼlum boʻldi va viloyat Adliya boshqarmasi tomonidan ushbu holat yuzasidan Oʻrtachirchiq tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo arizasi kiritildi. Sud arizani qanoatlantirib, “Obod taʼmir” MCHJga bajargan ishi uchun pul toʻlab berilishi taʼminlandi.

Boshqarmaga fuqaro I.Roziqov turar joyi Nurafshon shahri hokimligi tomonidan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olingani, ammo oradan qancha vaqt oʻtsa-da, tovon puli toʻlanmay kelinayotgani haqida murojaat qildi.

Holat oʻrganilganda 334 million soʻm tovon puli toʻlanmagani maʼlum boʻldi va boshqarma tomonidan fuqaroliq ishlari boʻyicha Oʻrtachirchiq tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi. Tez fursatda sud fuqaro foydasiga 334 million soʻm tovon puli undirilishini belgiladi.

Bunday misollarni koʻplab keltirishimiz mumkin. Viloyat Adliya boshqarmasiga joriy yilning oʻtgan olti oyida 4 ming 565 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 4 ming 317 tasi, yaʼni 94 foizi hal etilgan – 2 ming 866 tasi qanoatlantirilgan, 1 ming 451 ta murojaat muallifiga huquqiy tushuntirish berilgan.

Murojaatlarning asosiy qismini mehnat munosabatlari, ijtimoiy himoya, uy-joyga boʻlgan huquqlar, taʼlim va nafaqalar olish kabilar tashkil etgan. Boshqarma tomonidan aholi murojaatlarini koʻrib chiqishda, birinchi navbatda, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularga huquqiy yordam berishga eʼtibor berilmoqda. Zero, inson uchun uning huquqi va qonuniy manfaatlaridan muhim qadriyat yoʻq.

Intellektual mulk himoyada

Bugungi kunda intellektual mulkka oid qonunchilik izchil isloh etilib, sohadagi boshqaruvni takomillashtirish, muallif va huquq egalarining qonuniy manfaatlarini yetarli darajada himoya qilishga katta eʼtibor qaratilyapti.

Prezidentimizning 2021-yil 28-yanvardagi “Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, kichik va oʻrta biznes subyektlari tadbirkorlik faoliyatini raqobatbardoshlik muhitda yuritishida aynan intellektual mulk – ixtiro, sanoat namunasi, tovar belgisi muhim oʻrin tutadi.

Joriy yilning ikkinchi choragida viloyat hududidagi bozorlar, savdo shoxobchalari va dorixonalarda, shuningdek, tumanlarda xizmat koʻrsatish belgilaridan foydalanish holati boʻyicha 25 ta profilaktik kuzatuv tadbiri oʻtkazilib, 96 ta kontrafakt mahsulot aniqlandi. Natijada 21 ta taqdimnoma hamda 6 ta maʼmuriy material rasmiylashtirilib, koʻrib chiqish uchun tegishli sudlarga yuborildi. Bundan tashqari, 250 ga yaqin “Kontrafakt mahsulotlar katalogi”ni viloyat hududida joylashgan bozorlar, yirik savdo majmualari va doʻkonlarga tarqatish orqali tushuntirish ishlari olib borildi.

Masalan, Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devoni bilan kelishgan holda boshqarma tomonidan “Mars Incorporated” kompaniyasi vakili J.Oripovning kompaniyaga tegishli “SNICKERS” tovar belgisidan “Victoria Tag” masʼuliyati cheklangan jamiyati noqonuniy foydalanib kelayotgani boʻyicha yoʻllagan murojaati oʻrganib chiqildi. Natijada huquqbuzar “Victoria Tag” MCHJga taqdimnoma kiritilib, ushbu tovar belgisidan foydalanish holati bartaraf etildi.

Olti oyda 758 mingdan ziyod davlat xizmtai koʻrsatildi

Viloyatda joriy yilning oʻtgan olti oyida 22 ta tuman va shahar Davlat xizmatlari markazi orqali aholiga 758 mingdan ortiq xizmat koʻrsatildi. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslardan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali - my.gov.uz orqali 248 ming 474 ta ariza kelib tushdi. Ularning 67 ming 614 tasi bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga joylashtirish, 44 ming 309 tasi kadastr pasporti, 39 ming 380 tasi narkologiya boʻyicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi toʻgʻrisida, 14 ming 640 tasi pensiya (nafaqa) haqida maʼlumotnoma olish, 36 ming 746 tasi koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha murojaatlardir.

Joriy yilning 6 oyida 16 ming 924 ta tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatidan oʻtgan boʻlsa, uning 3 ming 666 tasi yuridik shaxslar, 13 ming 258 tasi esa yuridik shaxs boʻlmagan tadbirkorlik subyekti hisoblanadi. DXMlar orqali xorijiy investitsiya ishtirokidagi 26 ta qoʻshma va xorijiy korxona hamda xorijiy sarmoya ishtirokidagi 11 ta korxona roʻyxatdan oʻtgan.

Olis, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholining davlat xizmatlariga boʻlgan talab va ehtiyojini qondirish maqsadida 6 ming 561 ta sayyor davlat xizmati tashkil etildi.

Viloyat Adliya boshqarmasi vakolatli tashkilot va idoralarning davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi faoliyatini oʻrganganida, ayrim tashkilotlar ishida tizimli muammolar va qonun buzilishlari aniqlandi. Xususan, joriy yilning oʻtgan olti oyida vakolatli organlar davlat xizmatlari koʻrsatishda 8 mingdan ortiq qonunbuzilish holatiga yoʻl qoʻygan. Ularning 9 mingga yaqinida ishni koʻrib chiqish muddati buzilgan boʻlsa, 175 tasida murojaatlar asossiz rad etilgan.

Qonunbuzilish holatlari idoralar kesimida tahlil qilinganda koʻrinadiki, kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarida 3 ming 290 ta, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining hududiy tuzilmalarida 1 ming 333 ta, Davlat kadastrlar palatasi hududiy tuzilmalarida 1 ming 329 ta, sogʻliqni saqlash idoralarida 802 ta, soliq organlarida 663 ta qonunbuzilish holatiga yoʻl qoʻyilgan.

Boshqarma tomonidan vakolatli idoralarga 214 ta ogohnoma, 15 ta taqdimnoma kiritilib, 40 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi. 190 nafar shaxsga nisbatan maʼmuriy jazo choralari qoʻllanildi.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy shaxslarni identifikatsiyalashning mobil-ID tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham aholiga juda katta qulaylik yaratdi. Mazkur qaror elektron shaklda foydalanish mumkin boʻlgan davlat xizmatlari boʻyicha aholimizning idorama-idora sarson boʻlib yurishining oldini oladi, xizmatlardan foydalanish uchun uzundan-uzoq navbat kutib turishiga chek qoʻyadi.

Mobil-ID tizimi foydalanuvchilarga elektron raqamli imzoni qoʻllamagan holda kreditlash sohasida koʻrsatiladigan moliyaviy xizmatlardan tashqari barcha davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini beradi.

Baraka topishsin!

Bunday qulaylik va imkoniyatlar odamlarimiz chehralariga koʻchgandek goʻyo. Bu xushnudlik koʻzlardan koʻzlarga, soʻzlardan soʻzlarga oʻtayotir. Keling, bu borada fuqarolar fikrlarini ham bir eshitib koʻraylik:

— Aholi uchun hozirgiday yaratilayotgan qulaylikni ilgari kuzatmaganman, — deydi Chirchiq shahri “Shodlik” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Nishonboy Qurbonov. — Mahallamiz shahardan 18 chaqirim uzoqda joylashgan. Olis va chekka hududda yashovchi fuqarolarga yengillik yaratish, vaqtini tejash maqsadida Davlat xizmatlari markazi tomonidan tez-tez sayyor xizmatlar koʻrsatiladi. Bir galgi uchrashuvda markaz xodimlari tomonidan fuqarolarimizga subsidiya olish tartibi, pensiyaga chiqish, mobil-ID, kadastr hujjatlarini roʻyxatdan oʻtkazish, bolalarni davlat maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirish boʻyicha huquqiy tushunchalar berdi. Mahallamizdagi 7 fuqaroga shu yerda davlat xizmatlari koʻrsatildi.

***

— “Boʻston” mahalla fuqarolar yigʻinida 16 mingga yaqin aholi yashaydi, — deydi yosh fermer Dilmurod Asqarov. — Tuman markazidan 15 chaqirim olisda joylashgan mahalla ahlining davlat xizmatlaridan foydalanish uchun markazga borib kelishi qiyin edi. Mahalla fuqarolar yigʻini binosida aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda davlat xizmatlarini koʻrsatish maqsadida tuman Davlat xizmatlari markazining filiali ochildi. Yaqinda auksion orqali yer yutib olgan edim. Yerimni dehqon xoʻjaligi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun Davlat xizmatlari markazining Boʻston filialiga murojaat qildim. Markaz xodimlari bir zumda davlat roʻyxatidan oʻtkazib berdi. Elektron raqamli imzo kalitini ham oldim. Faoliyatimni qonuniy olib borishga imkoniyat yaratildi.

***

— Yoshim 80 ga yaqinlashib qoldi, ikkinchi guruh nogironiman, — deydi Jumanazar ota Xudoyberdiyev. — Oʻzim mustaqil yura olmayman. Bekobod tumani Ulugʻbek qoʻrgʻonidagi Ilgʻor mahallasida yashayman. Yashab turgan uyimizning hujjatlari ancha oldin yoʻqolgandi. Salomatligim sababli Davlat xizmatlari markaziga borolmayotgan edim. Markaz xodimlari oʻzlari kelib, shu yerda xizmat koʻrsatdi. Arxivdan soʻrov asosida uyimizning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun tuman hokimining qarorini tiklashga ariza berdim. Tez fursatda ishim bitadigan boʻldi. Baraka topishsin.

***

Bir qarashda juda oddiy, sodda jumlalar. Ammo shu ikki soʻz zamirida bugungi islohotlardan shukronalik tuygʻusi mujassam. “Inson qadri uchun” ezgu gʻoyasining odamlar hayotida aks etayotgani, har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etilgani, davlat xizmatlaridan foydalanish uchun barcha sharoit yaratilayotganiga ishora bor bu soʻzlarda.

Erkin DORIPOV,

Toshkent viloyati Adliya boshqarmasi

masʼul xodimi