Bunda, shubhasiz, ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar muhim oʻrin tutadi. Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida ommaviy axborot vositalarining bugungi kundagi oʻrni va roli haqida toʻxtalib, oshkoralik va soʻz erkinligi bu — davr talabi, bu — Oʻzbekistondagi islohotlarning talabi, dedi. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi.
Eng avvalo shuni alohida taʼkidlash lozimki, davlatimiz rahbari ommaviy axborot vositalari vakillarini muntazam qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Inchunun, Oliy Majlisga Murjaatnomada ham “Ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlarni xolis yoritish bilan birga, joylardagi mavjud dolzarb muammolarga davlat idoralari va jamoatchilik eʼtiborini qaratib, ularni bartaraf etishga barcha darajadagi rahbarlarni daʼvat etib, undab kelayotganini alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman. Ular tom maʼnoda "toʻrtinchi hokimiyat”ga aylanib bormoqda”, deya eʼtirof etdi.
Shuningdek, 2021-yilda ham soʻz erkinligini taʼminlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yana-da kuchaytiriladi. Davlatimiz rahbarining bunday eʼtirof va eʼtibori barcha jurnalist va blogerlarning koʻnglini koʻtardi, ularga ruh, kuch-quvvat va ilhom bagʻishladi, oʻz bilimini yana-da boyitish va izlanishga daʼvat etdi.
Jamiyatdagi soʻz erkinligi, oshkoralik va shaffoflik ortga qaytmas tus oldi. Bugungi davr va sharoit ommaviy axborot vositalarining oʻrni va rolini yana-da oshirish uchun ular faoliyatini tizimli rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni taqozo etmoqda.
U gazeta va jurnallar, teleradiokanallar, ommaviy axborot vositasi sifatida roʻyxatdan oʻtgan veb-saytlar hamda axborot xizmatlarining demokratik islohotlar jarayonidagi oʻrni va taʼsirini kuchaytirish, huquqiy, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, erkin va mustaqil ommaviy axborot vositalari tarmogʻini kengaytirish, jurnalist kasbining ijtimoiy maqomi va nufuzini yuksaltirish, blogerlik maqomini belgilash, kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish, ixtisoslashtirish, soha xodimlarining mehnatini moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish, ijtimoiy himoyalash, milliy jurnalistikamizning xalqaro media makonda munosib oʻrin egallashini taʼminlash, bir soʻz bilan aytganda, sohani har jihatdan rivojlantirishga qaratilishi lozim.
Murojaatnomada belgilangan davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” munosabati bilan qabul qilinadigan dastur ijrosi, barcha sohada amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar ahamiyati hamda natijalarini tezkor, xolis va haqqoniy yoritib borish ommaviy axborot vositalari vakillari — jurnalist va blogerlar, qolaversa, uyushmamiz zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Uyushmamizning tasdiqlanish arafasida turgan 2021-yilgi ish reja va “Yoʻl xaritasi”da bu borada bajariladigan vazifalar aniq belgilangan.
Maʼlumki, bu yil Vatanimiz mustaqilligining oʻttiz yilligini keng nishonlaymiz. 2020-yilda koronavirus pandemiyasi sababli oʻtkazilmay qolgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro, “Yilning eng faol jurnalisti”, “Eng ulugʻ, eng aziz” hamda turli vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda respublika tanlovlarini yangi format va nizom asosida yuksak saviyada tashkil etish rejalashtirilgan.
Yillik rejamizdan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini milliy va xalqaro media makonda mahorat bilan keng yoritish, joylardagi kamchilik va muammolarni qoʻrqmay koʻtarib chiqish, yechimini taʼminlashga erishish, samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatishda faol ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlarni ragʻbatlantirib borish chora-tadbirlari oʻrin olgan.
Oliy oʻquv yurtlarida jurnalistika boʻyicha taʼlim olayotgan, sohaga endi kirib kelgan yigit-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning qiziqishi, bilimi, malakasi va mahoratini oshirishga qaratilgan turli tadbirlar — tanlovlar, seminar-treninglar, mediaturlar, davra suhbati hamda mahorat darslari oʻtkazish belgilanmoqda.
“Ustoz-shogird” anʼanasini rivojlantirish, har jihatdan kuchli, professional jurnalistlar safi kengayishiga hissa qoʻshish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, fikrlar xilma-xilligi, turli qarash va yondashuvlarga keng yoʻl ochishga koʻmaklashish borasidagi ishlarimizni davom ettiramiz.
Joriy yilda ilk bor Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi, Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda mamlakatimiz yosh jurnalistlarining Boʻstonliq seminarini oʻtkazishni maqsad qilganmiz.
Bu yil ham koʻplab ustoz jurnalistlarimiz oʻz yubiley yoshlarini qarshi oladi. Yillik rejamizda faxriy jurnalistlarimiz holidan xabar olish, salomatligini mustahkamlash uchun moddiy koʻmak, sanatoriylarga imtiyozli yoʻllanmalar berish, ularni uyushma tadbirlariga kengroq jalb etish boʻyicha ishlarni jonlantirish koʻzda tutilgan.
Uyushmamiz Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya davlatlari jurnalistlar tashkilotlari bilan hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvlarga erishgan. Boshlangan yilda dunyodagi epidemik vaziyatni hisobga olgan holda bu boradagi ishlarni davom ettirish, qoʻshni davlatlar, shuningdek, Hindiston, Turkiya, Polsha kabi bir qator xorijiy mamlakatlar media sohasi tashkilotlari bilan memorandumlar imzolash, tajriba almashish maqsadida oʻzaro hamkorlik va aloqalarni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar media tuzilmalari ekspert va mutaxassislari ishtirokida xalqaro forum oʻtkazishni niyat qilganmiz.
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Madaniyat va maʼrifat” telekanali bilan hamkorlikda “Jurnalist” nomli ikki haftada bir marta efirga uzatiladigan koʻrsatuv tayyorlashni yoʻlga qoʻyish, uyushma logotipini yangilash va uning harakatdagi koʻrinishini yaratish, veb-saytimiz — journalist.uzdagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda uyushma imidjini shakllantirish va koʻtarish boʻyicha ish olib boryapmiz.
Uyushmamiz tomonidan 2021-yilning 22-28-fevral kunlari Fargʻonada medialager tashkil etish rejalashtirilmoqda. Mamlakatimiz barcha hududlaridan OAV vakillari, xususan, yosh va ustoz jurnalistlar ishtirok etadigan tadbir doirasida ularning bilim va malakasini oshirish, salomatligini mustahkamlash, sohaning dolzarb masalalari boʻyicha fikr almashish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Maʼnaviy-maʼrifiy sohani isloh qilish boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz “Agar kimdir, maʼnaviyat masalasi — bu faqat Maʼnaviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb oʻylasa, xato qiladi”, dedi. Bu, oʻz navbatida, uyushma oldiga ham muayyan maqsad-vazifalarni qoʻymoqda.
Bugungi kunda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida olti ming nafarga yaqin ijodiy xodim faoliyat olib bormoqda. Ular, shubhasiz, katta kuch. Har bir jurnalist va bloger, oʻz navbatida, maʼnaviyat targʻibotchisi hamdir. Maʼnaviyat targʻibotchisining, eng avvalo, maʼnaviyati yuksak boʻlishi kerak. Shu bois mazkur yoʻnalishdagi dastlabki ishlarni soha xodimlari madaniyati va maʼnaviyatini yuksaltirishga qaratish zarur.
Ushbu yoʻnalishdagi ishlar doirasida yaqinda uyushma qoshida kutubxona va oʻquv burchagini oʻz ichiga olgan maʼnaviyat xonasi tashkil etdik. Ushbu ziyo maskanimizdan badiiy va ilmiy adabiyotlar, jurnalistika sohasida oʻziga xos maktab yaratgan ustoz jurnalistlar hayoti va faoliyati, qolaversa, hamkorlarimiz — xalqaro media tashkilotlar ish uslublariga oid qoʻllanmalar oʻrin olgan. Bundan tashqari, toʻrt tilda nashr etiladigan oʻttizdan ziyod markaziy gazeta va jurnallarning har bir soni taxlamlari hamda ularning elektron variantlari bilan tanishish mumkin.
Shuningdek, uyushma qoshida maʼnaviy-maʼrifiy kengash tashkil etishni rejalashtiryapmiz. Uyushma boshqaruvi aʼzolari, koʻplab jurnalistlar bunday kengash va maʼnaviyat xonalarini viloyat boʻlimlarimizda ham yoʻlga qoʻyish taklifini bildirdi.
Bitta noxolis axborot bugungi kunda jamiyatga qanchalik maʼnaviy zarar yetkazishi mukinligini tasavvur qilish qiyin emas. Ana shunday holatlarni nazarda tutgan holda, noxolis xabar tarqatish, sohamizga doir qonun, farmon va qarorlar, shuningdek, Oʻzbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi qoidalari buzilishining oldini olish, soʻz va matbuot erkinligidan toʻgʻri foydalanishga qaratilgan faoliyatimizni jonlantirish boʻyicha reja tayyorlanayapti.
Ayni paytda maʼnaviy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini keng yoritishga koʻmaklashish, ushbu yoʻnalish boʻyicha samarali ijod qilayotgan jurnalist va blogerlarni ragʻbatlantirish, ularga taklif va tavsiyalar berish, faoliyatini tahlil qilish, oʻzaro hamkorlikda mediaturlar tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishish maqsadida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Madaniyat vazirligi masʼullari bilan muzokaralar olib borayapmiz.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 3-avgustda Oʻzbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvida uyushmamizga homiy sifatida Respublika tovar-xomashyo birjasi biriktirilgan, ikki tashkilot oʻrtasida “Doʻstlar klubi” tuzilgan edi. Shundan buyon har yilning boshida klub hamkorligida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi, hamraislar tomonidan tasdiqlanganidan soʻng yil davomida shu asosda ish olib boriladi.
Oʻtgan yilgi “Yoʻl xaritasi”ga binoan 150 nafardan ziyod ehtiyojmand va faxriy jurnalistlarga, bir qancha bemor hamkasblarimizga moddiy yordam koʻrsatildi. Uyushma moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yaqinda ish boshlagan maʼnaviyat xonasini jihozlashga mablagʻ yoʻnaltirildi.
Oʻtgan yili “Doʻstlar klubi” tadbirlarida ikki yuz nafarga yaqin jurnalist va blogerlar ragʻbatlantirildi. Nashrdan chiqish arafasida turgan “Umid yogʻdusi” nomli kitob moliyalashtirildi. “Yosh yuraklar sadosi” seriyasida chop etishga tayyorlangan ushbu toʻplamga yurtimizning barcha hududidan oltmish nafarga yaqin isteʼdodli yosh jurnalistlarning eng sara maqolalari kiritilgan. Bu boradagi ishlarimiz joriy yilda ham davom etadi.
Andijon, Toshkent, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, bunyodkorlik jarayonlari, aholiga qulaylik yaratish, odamlarni rozi qilish uchun qilinayotgan keng koʻlamli ishlar bilan markaziy ommaviy axborot vositalari vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida uyushtirilgan mediatur xarajatlarining muayyan qismi ham “Doʻstlar klubi” hisobidan qoplandi. Yaqin kunlar ichida klubning joriy yilgi ish rejasi tasdiqlanadi.
Oʻtgan yili uyushma aʼzolariga taqdim etiladigan bilet hamda koʻkrak nishonining yangi namunasi tayyorlandi. Ayni paytda ana shu bilet va koʻkrak nishonlari oʻz egalariga topshirilmoqda.
Oʻtgan bir oydan oshiqroq vaqt mobaynida uyushma markaziy apparati hamda viloyatlardagi boʻlimlariga yuz nafarga yaqin jurnalistlardan aʼzolikka qabul boʻyicha arizalar kelib tushgan. Ular tegishli tartibda roʻyxatga olingan, ayni kunda topshirilgan hujjatlar oʻrganilmoqda.
Xolmurod SALIMOV,
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy
uyushmasi raisi oʻrinbosari











