Bugungi kundagi eng dolzarb masala, bu – yashirin iqtisodiyot — dedi Prezident.
Tahlillar xizmatlar, qurilish, sanoat sohalarida oʻnlab trillion soʻmlik mahsulot “soya”da qolayotganini koʻrsatmoqda.
Bu orqali yalpi ichki mahsulotga 135 trillion soʻm, byudjetga 30 trillion soʻm tushum yoʻqotilmoqda.
Masalan, qurilish korxonalarining 41 foizi hisobotida faqat 1 nafar ishchisini koʻrsatgan. Vaholanki, bu korxonalar oʻtgan yilni oʻzida 4 trillion soʻmlik qurilish ishlarini bajargan.
Yoki kamida 25 gektardan yeri bor 5 mingta meva-sabzavotchilik fermer xoʻjaligida 1 tadan rasmiy ishchi roʻyxatdan oʻtgan.
Bir narsani aniq tushunish zarur. Yashirin iqtisodiyot, avvalambor, toʻgʻri ishlayotgan tadbirkorlar faoliyatiga katta toʻsiq boʻlayapti.
Bugungi kunda intizomli tadbirkorlar “qani adolatli raqobat” degan haqli eʼtirozlarini koʻp-koʻp aytayapti - dedi davlat rahbari.
Hozirda yashirin iqtisodiyot va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan 14 ta organ tarqoq holda shugʻullanmoqda. Ularning faoliyatini muvofiqlashtiradigan yaxlit ish tizimi yoʻq.
Shuning uchun yashirin iqtisodiyot bilan kurashish yangi pogʻonaga olib chiqiladi.
Shu maqsadda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyati kuchaytiriladi.
Shu paytgacha Departamentning tergov yuritish vakolati boʻlmagani va qonunlarda juda koʻp huquqiy kolliziyalar mavjudligi sababli samarali ishlay olmadi.
Misol uchun, hozirgi kunda “obnal firma”ga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatish olti oygacha vaqt oladi. Bu davrda qoʻshtirnoq ichidagi uddaburonlar barcha noqonuniy ishlarini yakunlashga ulguradi.
Shularni hisobga olib, Departament chuqur tahlil, tezkor-qidiruv, taftish va oʻzi tergov qiladigan idoraga aylanadi. Uning rahbari bir vaqtning oʻzida Bosh prokuror oʻrinbosari boʻladi.