Bukmekerlik kompaniyasini reklama qilgan MCHJ jarimaga tortildi

    Dolzarb 13 Sentabr 2024 354

    Toʻplangan hujjatlar javobgarlik masalalarini koʻrib chiqish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

    Raqobat qoʻmitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida “ Hamkor reklama servis” MCHJ tomonidan Toshkent shahrining Yunusobod va Mirzo Ulugʻbek tumanlarida tashqi reklama konstruksiyalari orqali bukmekerlik “1XBET” reklama tovar belgisi koʻrsatilgan holatlar aniqlandi.

    Mazkur holat yuzasidan “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning 46-moddasiga muvofiq, qimor oʻyinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar, shu jumladan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, internet jahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor oʻyinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar reklamasiga yoʻl qoʻyilmasligi belgilab qoʻyilgan.

    Yuqoridagilarga koʻra, Maxsus komissiya tomonidan “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 46-moddasi talablari buzilganligi yuzasidan “Hamkor reklama servis” MCHJga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan Qoʻmita vakolatlari doirasida qonunchilikda belgilangan tartibning maksimal miqdorida moliyaviy jarima qoʻllanildi.

    Shuningdek, toʻplangan hujjatlar javobgarlik masalalarini koʻrib chiqish uchun prokuratura organlariga yuborildi.