Baland, qadimiy minoralari bilan insoniyatni mahliyo qilib kelgan Samarqandning takrorlanmas soʻlim tabiati ham azaldan eʼtirof etib kelinadi. Xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur oʻzining “Boburnoma” asarida Samarqandni bunday tasvirlaydi: “Rubʼi maskunda Samarqandcha latif shahr kamroqdur. Beshinchi iqlimdindur”. “Uzumi va qovuni va olmasi va anori, balki jamiʼ mevasi xoʻb boʻlur”.

Oʻsha davrda serhosil bogʻlari koʻrkiga koʻrk qoʻshib turgan Samarqandni boshqacha taʼriflab ham boʻlmasdi.

Samarqandning turli mevalari, ayniqsa, qator xorijiy davlatlarga eksport qilinadigan uzumi, undan tayyorlanadigan mayizi dunyo bozorida oʻz xaridorlariga ega. Bugun soʻlim goʻsha oʻzining ziroatchilikdagi obroʻsini tiklayotir.

Yaqin oʻtmishda nafaqat Samarqand, balki mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi yerlariga yoppasiga paxta, gʻalla ekildi. Hududlarning iqlim sharoiti, tabiiy imkoniyati inobatga olinmadi. Sohaga oqilona, eʼtibor bilan yondashilmagani tufayli koʻplab sersuv, unumdor yerlar qaqragan choʻl, foydalanilmaydigan qir-adirga aylanib qoldi. Oqibatda turli ekologik muammolar yuzaga keldi.

Shu bois, keyingi yillarda foydalanishdan chiqib ketgan yerni yana hosildor bogʻ, uzumzorlarga aylantirish, yangicha yondashuv, agrar sohadagi innovatsion texnologiyalarni ishga solgan holda karrasiga koʻp daromad olish uchun jadal surʼatda, qizgʻin ishlanmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbarining oʻtgan yili 30-sentabrdagi “Respublikada agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish hamda sanoatlashgan bogʻ va tokzorlarni barpo qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan mamlakatimizdagi togʻoldi qir-adirliklarda hamda eskirgan tizimdan foydalanadigan, iqtisodiy daromad keltirmay qoʻygan, samarasiz bogʻlar oʻrnida yangi intensiv, hosildor bogʻ va uzumzorlar barpo etish ishlari bajarilmoqda.

Yangilanayotgan ziroatchilik maskanlarida oddiygina bogʻ va uzumzorlar tashkil etish pirovard maqsad qilib qoʻyilmagan. U yerda zamonaviy agrotexnika vositalari, sohadagi ilm-fan yutuqlaridan foydalanib, tom maʼnoda hosili koʻp bogʻ va uzumzorlar yaratiladi. Hududning oʻzida mahsulotni eksportga tayyorlash, qayta ishlash, qadoqlash korxonalari, saqlash uchun zarur shart-sharoit hozirlanib, yirik agrosanoat xabiga aylantirish koʻzda tutilmoqda.

Albatta, bu islohotlar, avvalo, mahalliy aholi bandligini taʼminlab, turmushini yanada farovonlashtiradi, qolaversa, mamlakatimizning ishlab chiqarish, eksport salohiyatini oshirib, katta daromad keltiradigan tarmoqqa aylanadi.

Ayrimlar qishloq xoʻjaligidan daromad orttirish davri oʻtganini aytadi. Ammo bu soha ilm-fan, innovatsion texnologiyalarni joriy etgan holda sanoat darajasiga koʻtarilsa, mamlakat iqtisodiyotiga ulkan hissa qoʻshadi. Zero, insonning tabiiy oziqovqat mahsulotlariga ehtiyoji yoʻqolmas ekan, bu soha ham iqtisodiyotning serdaromad, jozibador tarmoqlaridan biri boʻlib qolaveradi. Shuningdek, keyingi yillarda tabiiy toza mahsulotga dunyo bozorida talab kuchayib bormoqda.

Shu bois, joylarda farmon ijrosini taʼminlash ishlari faol davom ettirilmoqda.

Birgina misol: tabiati, iqlim sharoiti bogʻdorchilikka mutanosib Bulungʻur tumanining boʻsh yotgan 400 gektar qir-adirida uzumzor tashkil etilyapti.

Aynan mana shu hududning tanlanishiga sabab 40-50 yil ilgari bu yerda hosili moʻl tokzorlar mavjud boʻlganidir. Nasib boʻlsa, dehqonlarimizning peshona teri hamda agrar soha ilmidagi yutuqlar samarasi oʻlaroq, yaqin yillarda hududda yetishtirilgan uzum, mayiz, birinchi navbatda, ichki bozorni toʻldiradi, keyin xorijiy mamlakatlarga eksport qilinadi.

Ayni paytda hududda ekin ekish uchun yerni tayyorlash, yomgʻir suvi yigʻiladigan hovuzlar kovlash, tomchilatib sugʻorish inshootlari barpo etish ishlari qizgʻin bajarilmoqda.

Istiqbolli loyiha hozirdan odamlarga foyda keltira boshladi. Yaʼni yerni tayyorlash ishlarida 50 ga yaqin odamning bandligi taʼminlandi. Bu ellikta xonadonning hayoti yaxshilanadi, uy egalari oila tebratish uchun chet el yoki olis shaharlarga bormaydi, endi oʻz mahallasi hududida, oilasi, farzandlari oldida ishlab daromad topadi, degani.

Joriy yildan unumdor tuprogʻi, iqlimi, tabiiy sharoiti meva-sabzavot, uzum yetishtirishga qulay Bulungʻur tumani hududida gʻalla ekish butkul bekor qilindi. Endi tumanda meva-sabzavot yetishtirish hajmi koʻpaytiriladi. Bu bilan qanchadan qancha odamning bandligi taʼminlanadi. Daromadi ikki-uch karra koʻpayadi.

Bu qarorga oʻz-oʻzidan kelinmadi. Taqqoslab koʻrilganda hududdagi bir gektar yerdan olingan paxta, gʻalla hosili bir kilo gilos narxidan ancha past boʻlayotgani oydinlashdi.

Qir-adirlarda bogʻ va tokzorlar barpo etish ishlari “koʻchat oʻtqazib koʻraylik, unsa unib qolar, boʻlmasa yoʻq” qabilidagi tavakkalchilik bilan qilinayotgan yumushlar emas.

Avvalo, tanlangan hududning iqlimi, tabiiy sharoiti oʻrganilib, davlatimiz tomonidan yoʻnaltirilayotgan imtiyozli kredit, subsidiya mablagʻi bilan maxsus laboratoriyalarda yetishtirilgan yoki xorijdan olib kelingan koʻchatlar tanlab olinib, oʻtqazilyapti. Zamonaviy suv inshootlari, sugʻorish tarmoqlari barpo etilmoqda. Bu saʼy-harakatlar natijasida hosildorlik ikki-uch barobar oshirilishi koʻzda tutilmoqda. Qisqasi, barchasi tizimli ravishda ilm-fan yutuqlari, dehqonlarimizning koʻp yillik tajribasiga tayangan holda yoʻlga qoʻyilayotir.

Ilm va tajriba uygʻunligi samara beradi

Xalqimizda “Nima eksang, shuni oʻrasan” degan naql bor. Shuning uchun ham barpo etilayotgan va yangilanayotgan bogʻlarga sifatli, unumdor koʻchatlar yetkazib berish ham muhim. Bu borada yurtimizdagi yangi istiqbolli navlarni yetishtirayotgan, sertifikatga ega yuzdan ortiq koʻchatchi integratsiya qilindi va yangi bogʻlar uchun koʻchat tayyorlash topshirigʻi berildi. Ayni paytda ular sifatli koʻchat yetishtirishga kirishgan. Nihollarni sotib olayotgan dehqonlarga yengillik boʻlishi uchun davlat tomonidan subsidiya ajratilyapti. Unga koʻra, dehqonlarning koʻchat uchun sarflagan xarajatining muayyan qismi oʻziga qaytarib berilyapti.

Bundan tashqari, yurtimizdagi maxsus “in-vitro” laboratoriyalarida ham yangi, hosildor, intensiv bogʻlar, uzumzorlar uchun koʻchatlar yetishtirilmoqda. Laboratoriyalar da koʻkartirilayotgan nihollar sovuqqa chidamliligi, turli kasalliklarga chalinmasligi bilan oddiylaridan farq qiladi. Eng asosiy xususiyati — ulardan hosildorligi ikki-uch barobar baland.

Shunday zamonaviy texnologiyalar asosida koʻchatlar tayyorlanayotgani mamlakatimizda agrar soha taraqqiy etib borayotganidan darak beradi. Ilgari bunday koʻchatlarning barchasi xorijdan katta mablagʻ evaziga olib kelinardi. Oʻzimizning laboratoriyalarda tayyorlanayotgan koʻchatlar arzon, sifatli va ishonchli. Ayni shunday laboratoriyalarning bir nechtasi Samarqand viloyatining Jomboy tumanida ham tashkil etilgan. Unda olma, oʻrik, pista, bodom, uzumning oʻndan ortiq turi intensiv koʻchatlari tayyorlanmoqda. Shuningdek, ushbu laboratoriyalarda xorijdagi “in-vitro” laboratoriyalarida yetishtirilgan koʻchatlarning tuproq-iqlim sharoitiga mosligi ham sinovdan oʻtkazilyapti.

Jumladan, tumandagi laboratoriyalardan biriga Ispaniyadan keltirilgan 34 xil uzum navi sinov tariqasida oʻtqazildi. Bir oz muddatdan soʻng navlarning 14 tasi iqlim sharoitimizga mosligi aniqlandi. Endi ular ochiq maydonlarga ekilyapti.

Xoʻsh, laboratoriyalarimizda sifatli, hosildor navli koʻchatlarimiz bor ekan, xorijdan keltirilgan yangi navlarning oʻzlashtirilishiga qanday ehtiyoj bor?

Bu amaliyot bizga bioxilma-xillikni taʼminlash, uzum navlarining turi va sifatini koʻpaytirish, xalqimiz dasturxonini sarxil uzumlar bilan toʻldirish imkonini beradi.

Poydevori mustahkam imorat qulamaydi, deganlaridek, sifatli koʻchatlar ekilgan intensiv bogʻ va uzumzorlardan eksportbop, oliy navli mahsulot olishimiz tayin. Bu esa, oʻz navbatida, agrar soha rivojiga hissa qoʻshib, tarmoqdan moʻmay daromad qilinishiga zamin hozirlaydi.

Chumchuqdan qoʻrqqan tariq ekmaydi

Yaxshidan bogʻ qoladi, deya qir-adirlarda zamonaviy intensiv bogʻlar barpo etishga hissa qoʻshishni istagan tadbirkorlarimizga yer uchastkasi bogʻ va tokzorlardan foydalanish huquqi bilan birga 30 yil muddatgacha ijaraga beriladi. Sababi bogʻ yaratish ikki-uch kunda qilinadigan, birikki yilda toʻlaqonli foyda keltiradigan soha emas. Birgina niholni yerga qadaganingizdan soʻng uni meva berguncha bir necha yil tagini yumshatib, sugʻorib, ozuqasini berib parvarishlashingizga toʻgʻri keladi. Endi birgina daraxt emas, butun boshli bogʻ yaratishning mashaqqatini tasavvur qilavering. Shu bois, farmonga binoan, tadbirkorlar uzoq muddat davlatimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlab turiladi. Yaʼni tadbirkorlarga 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilga kredit ajratilishi belgilangan. Shuningdek, faoliyatida tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etgan tadbirkorlar uchun uzoq muddatli subsidiyalar ajratiladi.

Bunday imkoniyatlardan, albatta, mehnatdan qochmaydigan, yerni, dehqonchilikni sevadigan tadbirkorlargina foydalana oladi. Chunki mirishkorlikning ogʻir mashaqqatiga hamma ham bardosh berolmaydi. Agar tadbirkor yerni olib, 12 oy davomida hududda yangi bogʻ barpo etmasa, 3 barobar koʻp yer soligʻi toʻlaydi hamda yerni boshqa tadbirkorga oʻtkazish chorasi koʻriladi. Ushbu loyiha doirasidagi ishlar toʻliq hisob-kitob qilingan holda aniq tizimlashtirilgan tarzda bajarilmoqda.

Ushbu islohotlar barcha hududlarda amalga oshirilib, 2024-2025-yillarda respublikamiz miqyosida 43 ming gektar maydonda yangi hosildor bogʻ va uzumzorlar barpo etish rejalashtirilgan. Shundan eng koʻpi — 6500 gektari Samarqand viloyati hududiga toʻgʻri keladi.

Chumchuqdan qoʻrqqan tariq ekmaydi, deyishadi. Mirishkorlarimiz ancha baland marrani koʻzlamoqda. Ushbu reja bajarilishi mamlakatimizning koʻpgina hududlari yashillikka burkanishini bildiradi. Bu esa, oʻz navbatida, yurtimiz ekologik muhiti, tabiati yaxshilanishida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur ishlar uddalanishi birgina agrar sohaning emas, balki butun davlat va jamiyatimiz yutugʻi boʻladi. Chunki bu xalqimiz dasturxoni yanada toʻkin boʻlishi qatorida aholi bandligini taʼminlash orqali turmush darajasini yaxshilash, dunyo bozorida mahsulotlarimiz oʻz oʻrnini yanada mustahkamlashiga xizmat qiladi.

Sanjar ESHMURODOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri