Tajribali dehqonlar kartoshkadan moʻl hosil yetishtirish asosan urugʻning sifatiga bogʻliq ekanligini yaxshi bilishadi. Shu maqsadda, mamlakatimiz Prezidenti va hukumat tomonidan kartoshkachilikni rivojlantirish, uning iqlimbop va serhosil navlarini mahalliylashtirish yuzasidan istiqbolli loyihalar hayotga tadbiq etilmoqda.  

Jumladan, 2020-yilda Samarqand viloyatida 9 ming 414 gektar yerga kartoshkaning “Pekas”, “Gala”, “Fontane”, “Evolyushn”, “Arizona” singari R1 navlari ekilgan boʻlib,131 ming 557 tonnadan ortiq hosil yigʻishtirib olindi.

Prezidentimizning 2020-yil 6-maydagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urugʻchiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur qarorga asosan, Bulungʻur tumanining F.Yoʻldosh, X.Olimjon, Kildon, Navoiy va A.Maxsumov agrofirmalari urugʻlik kartoshkaning super elita avlodini yetishtirishga ixtisoslashtirildi.

Qaror ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash yuzasidan tumanning X.Olimjon agrofirmasi hududida “Gren agro Zarafshon” kartoshkachilik klasteri tashkil etildi. Klaster korxonasiga hududdagi 60 ta fermer xoʻjaliklarining 435 gektar yer maydonlari biriktirildi.

2021-yil hosili uchun 1 ming 850 gektar maydonga kartoshka ekini ekish rejalashtirildi. Shu maqsadda, “Shamsidin Jalilov” fermer xoʻjaligi tomonidan F.Yoʻldosh, X.Olimjon, Kildon, Navoiy va A.Maxsumov agrofirmasi hududlarida asosiy maydonlarga ekish uchun Gollandiya davlatidan 220 tonna elita avlodli urugʻlik kartoshka keltiriladi.

“Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati