Zamon rivojlangani sari odamlarning taʼbi ham, talabi ham oʻsib bormoqda. Shunga yarasha yangi qurilishlarga, munosib sharoitlarga ehtiyoj tugʻilmoqda.
Toshkent shahridagi Yunusobod dehqon bozori hamisha gavjum, kengayishga esa joy yoʻq. Yana bir muammo – tirbandlik. Shu bois uni zamonaviy konsepsiya asosida yuqoriga “oʻstirish”, savdo oʻrinlari va qulayliklarni koʻpaytirish rejalashtirilgan.
Loyihaga koʻra, avvalo, asliyat saqlab qolinib, hozirgisining oʻrnida uch qavatli ekobozor quriladi. Uning yonida qoʻshimcha savdo markazi hamda zargarlik uyi barpo etiladi. Eng muhimi, ushbu binolarning yerosti qismi mingdan oshiq avtomobil sigʻadigan turargoh boʻladi. Jami 4-5 ming ish oʻrni ochiladi.
Mutasaddilarga bular sababli bozor faoliyatini toʻxtatib qoʻymaslik, qurilishni bosqichma-bosqich amalga oshirish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Keyingi loyihalar istirohat bogʻlarini obodonlashtirish va yangilarini qurishga oid. Poytaxtimizdagi Abdulla Qodiriy bogʻi obodonlashtiriladi. Relyefdan toʻgʻri foydalanib, yashil hududlar koʻpaytiriladi. Sayr va tomosha joylari, favvoralar, yangi planetariy quriladi. Sayyohlarni jalb qilish uchun gastro-xol tashkil etiladi. Bu Chorsu bozori, umuman, eski shahar bilan yanada uygʻun boʻladi.
Davlatimiz rahbari bogʻda sharoitlarni yaxshilash va anʼanalarni aks ettirish zarurligini taʼkidladi.
– Bu rejalar yaxshi. Faqat milliy ruh qoʻshish kerak. Bu yerda shaharning tarixi, xalqimizning anʼanalari aks etsin. Har bir yosh toifasidagi inson bogʻda oʻz joyini topa olsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
“Doʻstlik” bogʻi ham yangilanib, aholini oʻziga jalb etuvchi maskanga aylantiriladi. Sayr yoʻlaklari, suv havzalari, dam olish joylari taʼmirlanib, oʻrindiqlar oʻrnatiladi. Oilaviy koʻngilochar maskan va bolalar ijod markazi tashkil qilinadi. Yoshlar uchun skeyt maydonchasi, daraxtlar bilan uygʻun aviariy hamda tomosha charxpalagi quriladi.
Maʼlumki, shu yerda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi joylashgan. Uning ortidagi maydonda yurtimizdagi milliy madaniyat markazlarining pavilyonlarini barpo etish rejalashtirilgan. Ular har bir millatning uyi shaklida boʻlib, oʻziga xos madaniyat va anʼanalarni ifodalaydi. Bu hudud “Doʻstlik” bogʻi bilan hamohanglik kasb etadi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2019-yilda Toshkent shahrida “Navroʻz” bogʻi barpo etilgan edi. Hozirgi kunda u shahar markazidagi obod va gavjum maskanlardan biri. Tashrif buyuruvchilarga sharoitlarni yanada kengaytirish maqsadida bu yerda mehmonxona, yopiq sport maydonchasi, restoran, konferensiya zali bunyod qilish koʻzda tutilmoqda.
Mamlakatimizda hududlarni kompleks rivojlantirish doirasida barcha joylarda yangi mavzelar, parklar, koʻngilochar maskanlar qurilmoqda. Jumladan, Nurafshon va Namangan shaharlarida ham “Yangi Oʻzbekiston” bogʻlari barpo etilgan. Navbatdagi loyihalar ulardan foydalanish samaradorligini oshirish va mehmonlarni koʻproq jalb etishga qaratilgan.
Buning uchun Nurafshon va Namangandagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻlari yonida turizm markazlari tashkil qilinadi. Ularda Sharq bozori, hunarmandchilik joylari, amfiteatr, favvora va boshqa qurilmalar boʻladi. Daraxtlar ekilib, yashil hudud kengaytiriladi.
Davlatimiz rahbari loyihalarni sifatli qilish, bogʻlarda aholi va turistlar uchun qulay sharoitlarni yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.