— Buqoq bolalarda ham koʻp uchraydi. Bu kasallik ular tanasida qanday salbiy oʻzgarishlarga sabab boʻladi?

— Darhaqiqat, buqoq kasalligi bolalarda ham koʻp kuzatiladi. Ayniqsa, yurtimizda bolalar va oʻsmirlar orasida buqoqning endemik turi juda koʻp uchraydi.

Bu kasallik ularning oʻsish jarayonini kechikishiga, xotiraning pasayishi hamda immunitetning tushishiga olib keladi. Baʼzan esa bolaning aqlan ojiz boʻlib qolishiga ham sabab boʻlishi mumkin. Shu bois, ularning yeguliklarida kunlik yod miqdori meʼyorda boʻlishiga eʼtibor qaratish lozim.

Yoshga nisbatan yodga boʻlgan kunlik miqdor quyidagicha:

0-2 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun – 50 mkg.

2-6 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun – 90 mkg.

7-12 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun – 120 mkg.

12 yoshdan yoqori boʻlganlar uchun – 150 mkg.

— Buqoq kasalligi nasl suradimi?

— Maʼlumki, Oʻzbekiston endemik hududda joylashgan boʻlib, aholi oʻrtasida buqoq kasalligiga chalinish holatlari koʻp uchraydi. Shu bois, kasallikning oldini olish maqsadida muntazam tibbiy koʻriklar va yodlangan osh tuzidan foydalanish kabi chora-tadbirlar yoʻlga qoʻyilgan.

Albatta buqoq kasalligi nasl suradi. Jumladan, buqoqning tugunli, autoimmun tireoidit va yoyma zahar turi ota-onadan bolaga ham oʻtishi mumkin. Biroq salomatlikka eʼtiborli boʻlinsa, shifokor koʻrigidan tez-tez oʻtib turilsa, xastalikning bolaga oʻtish xavfi kamayadi.

— Kasallikni davolash va uning oldini olishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

— Buqoqning oldini olish uchta shaklda — ommaviy, guruhli va individual tarzda amalga oshirilishi mumkin. Ular orasida eng samarali usul birinchisi hisoblanadi. U har bir odam isteʼmol qiladigan mahsulotga oz miqdorda yod qoʻshish orqali amalga oshiriladi. Misol uchun, bugungi kunda yurtimizda aholi yodlangan osh tuzidan foydalanadi.

Shuningdek, guruhli choralarni qoʻllashda xastalikka chalinish xavfi yuqori boʻlgan shaxslar orasida yod preparatlarini ishlatish mumkin. Bu birinchi navbatda, bolalar va oʻsmirlarni oʻz ichiga oladi.

Bundan tashqari, kasallikni oldini olishda individual choralar ham qoʻllaniladi. Yaʼni, buqoqni davolash va oldini olish uchun preparatlardan foydalanish mumkin. Ammo dori vositalarini tibbiy tekshiruvdan oʻtgach va mutaxassis tavsiyasi bilan buqoqning darajasi va turiga qarab qoʻllash lozim. Aks holda nojoʻya taʼsir etib, salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.